English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoyisi” ko‘krak nishoni o‘z egalariga topshirildi
15:19 / 2024-10-04

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi anjumanlar zalida “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoyisi” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Badiiy akademiya raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov Yangi O‘zbekistonda milliy tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.   

Sohadagi davlat siyosati Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham  aniq aks etgan. Yangi tarixiy bosqichda Taraqqiyot strategiyasiga Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishi qo‘shildi. Uning 75-maqsadida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, aholining badiiy-estetik didini yuksaltirish, O‘zbekiston xalq rassomlari va amaliy san’ati ustalarining namunali hayoti va ijodini keng targ‘ib qilish hamda ular xotirasini abadiylashtirish, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini xalqaro darajada ommalashtirish, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida yetuk mutaxassislarni tayyorlash kabi vazifalar belgilangan.  

Joriy yilda tasviriy va amaliy san’at sohasida yana bir quvonchli hodisa ro‘y berdi. “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.   

“O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoyisi” ko‘krak nishoni Prezidentimizning 2017 yil 16 avgustdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 dekabrdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi tegishli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, soha rivojida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan soha xodimlarini rag‘batlantirish maqsadida 2024 yilda Badiiy akademiya tomonidan ta’sis etildi. 

Mazkur ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sohada yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, yuksak darajadagi yorqin san’at asarlarini yaratish hamda milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan soha xodimlari taqdirlanadi.   

“O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoyisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi mumkin.   

Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov sovrindorlarga ko‘krak nishonini topshirdi.   

N.Usmonova, O‘zA