Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston- BAA: “yashil” energetika sohasida innovatsion tashabbuslar yo‘lga qo‘yiladi
12:00 / 2025-11-28

Energetika sohasidagi rivojlanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini samarali joriy etish har bir mamlakatning barqaror taraqqiyoti va iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, innovatsion texnologiyalar va zamonaviy ta’lim standartlari yordamida yangi kadrlar tayyorlash, ilmiy va amaliy loyihalarni rivojlantirish sohadagi asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda talabalar va mutaxassislar uchun zamonaviy imkoniyatlarni yaratish har jihatdan foydali.

Toshkent davlat texnika universitetida Energetika vazirligi, BAAning “Global South Utilities” (GSU) kompaniyasi va “Yashil energiya” MCHJ vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.

Unda tomonlar qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha milliy va xalqaro loyihalarni rivojlantirish, zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish, kadrlar tayyorlashning zamonaviy standartlarini shakllantirish va ta’lim jarayonlarining amaliy yo‘nalishini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Muloqot chog‘ida GSU delegatsiyasi universitetning ilmiy va innovatsion salohiyati, undagi laboratoriyalarning imkoniyatlari hamda yosh mutaxassislar bilan ishlash borasidagi tajribasini yuqori baholadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun amaliy o‘quv dasturlarini tashkil etish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika sohasida innovatsion tashabbuslarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, ushbu hamkorlik nafaqat talabalar va olimlar uchun yangi imkoniyatlarni ochadi, balki mamlakatimizda ekologik barqarorlik va zamonaviy energetika tizimini rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi. 

N.Ziyodullayeva,

O‘zA