Mamlakatimizda gaz ta’minoti tizimini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida samaradorligini oshirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “Xududgazta’minot” AJda Birlashgan Arab Amirliklarining “Esyasoft Holding” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda investitsiya va raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor gaz taqsimoti va iste’moli tizimidagi yo‘qotishlarni kamaytirish hamda operatsiyalarning samaradorligini oshirishga qaratildi.

Uchrashuvda ta’kidlanishicha, “Esyasoft Holding” kompaniyasi sun’iy intellekt asosidagi raqamli yechimlarni energetika hamda kommunal xo‘jalik infratuzilmasiga, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga keng joriy etib kelayotgan yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Kompaniya O‘zbekistonda amalga oshiriladigan loyihalarga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Dastlabki bosqichda “Xududgazta’minot” AJ tizimida “Tabiiy gaz iste’molini boshqarishning raqamli tizimini joriy etish” loyihasi taqdim etildi. Loyiha respublika bo‘yicha tabiiy gaz taqsimoti va iste’molini aniq hisobga olish, shuningdek, mavjud yo‘qotishlarni sezilarli kamaytirish imkonini beradi. Loyiha doirasida o‘rta bosimli quvurlar zamonaviy hisoblash uskunalari bilan jihozlanadi va gaz taqsimlash tarmoqlarining elektron xaritasi yaratiladi.
Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, loyiha amalga oshirilishi natijasida tijorat va texnik yo‘qotishlar 70-80 foizga kamayishi, gaz hisobida 99,8 foiz aniqlikka erishilishi, tizim operatsion xarajatlari 25 foizga qisqarishi va avariyaviy holatlarda tezkor choralar ko‘rish tezligi 60 foizga oshishi ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar taklif etilgan texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish va loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA