O‘zbekiston – BAA: hamkorlik mustahkamlanmoqda
Birlashgan Arab Amirliklari “WAM” axborot agentligi O‘zbekiston Prezidentining ushbu davlatga rasmiy tashrifi arafasida Bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon va mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov o‘rtasida samarali uchrashuv bo‘lib o‘tganiga e’tibor qaratdi. Ayni mavzudagi maqolada ikki mamlakat yaqin hamkorligi ko‘lami kun sayin kengayib borayotgani e’tirof etilgan.
Uchrashuvda o‘zaro munosabatlarni xalqlarimiz umumiy manfaati yo‘lida chuqurlashtirish masalasi muhokama qilingani, birgalikdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan iqtisodiy, savdo-sarmoyaviy, qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm, qayta tiklanadigan energiya kabi muhim yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalar ko‘rib chiqilgani ta’kidlangan.
Shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon BAA O‘zbekiston Respublikasi bilan mustahkam va o‘sib borayotgan munosabatlarni mustahkamlash, barcha sohalar bo‘yicha sheriklikni xalqlarimizga ezgulik va farovonlik olib keladigan tarzda rivojlantirish uchun bor imkoniyatni ishga solishga intilishini qayd etgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA