Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – BAA: hamkorlik ko‘lami yuksalmoqda
13:55 / 2025-08-20

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarini umumiy tarix, din, madaniy va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadi. So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Bunga oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot ko‘p jihatdan yordam bermoqda, desak  mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yil mart, 2022 yil may oylarida hamda joriy yil 13-16 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlari ko‘p tomonlama forumlar doirasida muntazam o‘zaro uchrashuvlar o‘tkazadi, doimiy ravishda telefon orqali muloqot qiladi. Parlamentlararo, tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari o‘tkazib kelinadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning taklifiga binoan joriy yil 13-16 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan Abu-Dabi shahrida bo‘ldi. Davlatimiz rahbari 14 yanvar kuni "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" xalqaro sammitining ochilishi hamda barqaror rivojlanish sohasida Shayx Zoid nomidagi mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi.

Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi – bu 2008 yilda BAA hukumati va "Masdar" kompaniyasi tomonidan barqaror rivojlanish sohasidagi global muammolarni hal etish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Forumning maqsadi jahonda barqaror taraqqiyotni jadallashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishga ko‘maklashish, oziq-ovqat va suv xavfsizligini ta’minlash, energiya tejamkorligi va karbonsizlantirishni ilgari surishdan iborat.

Sammit kun tartibiga “yashil” iqtisodiyot sohasida barqaror taraqqiyotni ta’minlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari kiritildi. Forum doirasida Amirliklar asoschisi – marhum Shayx Zoid Ol Nahayon nomi bilan ataluvchi barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlar uchun mukofot bilan taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Bu galgi mukofotning "Global o‘rta maktablar" nominatsiyasida Toshkent shahridagi Prezident maktabi g‘olib deb topildi. Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maktab vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi.

Davlatimiz rahbari “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq so‘zladi. Bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ulardagi uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti ekanini ta’kidladi. 

Qayd etish joiz oxirgi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘lmoqda. “Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya ob’ekti ishga tushirildi. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.

Prezidentimizning BAAga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochayotgani – ular strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani qayd etildi. Quvonarli jihati mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar soni bir necha barobar oshdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni ko‘paydi, vizasiz tartib joriy qilindi. Tashrif doirasida BAAning yetakchi kompaniyalari bilan yangi, asosan yuqori texnologik tarmoqlarda loyihalar portfeli shakllantirildi. Siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Yetakchilar iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini, jumladan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, “yashil” energetika, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi 6 ta asosiy yo‘nalishni belgilab oldi. Har bir ustuvor soha bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etishga kelishildi. Tomonlar 2025-2027 yillarni “O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri” deb e’lon qilish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Shu ma’noda, 2030 yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga ko‘paytirish va investitsiya portfelini 50 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilandi.

Madaniy-gumanitar almashinuv ko‘lamini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari Muhammad bin Zoid nomidagi universitet bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirishni taklif etdi. Abu-Dabi shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya va qator bitimlar imzolandi.

Ikki do‘st o‘lka sayyohlik sohasini yanada  rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Ma’lumki, BAA rivojlangan infratuzilmasi va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish tizimi tufayli dunyodagi eng mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Mamlakatdan har yili qariyb 3,5 million kishi sayohatga chiqadi va bu borada BAA mintaqa davlatlari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Boy madaniy-tarixiy merosga, qulay iqlim sharoitiga ega O‘zbekiston, birinchi navbatda, “ziyorat turizmi”ni yo‘lga qo‘yish imkoniyati orqali BAA aholisi uchun istiqbolli sayyohlik yo‘nalishidir. BAA va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari fuqarolari uchun kirish vizasini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekistonga ushbu davlatlardan keladigan sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi. 

Ishonch bilan aytish mumkinki,  O‘zbekiston va BAA manfaatlari ko‘p jihatdan bir-biriga mos keladigan uzoq muddatli sheriklardir. Tomonlar bir-birini to‘ldiradigan milliy rivojlanish strategiyasini amalga oshirmoqda. Ikki tomonlama munosabat, jumladan, oliy darajadagi muntazam aloqalar izchillik kasb etgan. Bularning bari xalqaro munosabatlar tizimi o‘zgarishi, jahon iqtisodiyoti va savdosi yangi modeli shakllanishi sharoitida mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish, xalqlarimiz manfaati yo‘lida davlatlararo yaqin munosabat o‘rnatishga xizmat qiladi.

Muharrama Pirmatova, 

O‘zA