Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – BAA: fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimlar soni ko‘paydi
17:14 / 2025-12-24

Huquqiy munosabat

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy aloqalar kengayib, yuksalib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dunyoning yirik kompaniyalari, jumladan, BAA ishbilarmon doiralarini ham qiziqtirmoqda.

Xususan, BAA kompaniyalari hamkorligida mamlakatimizda zamonaviy agrosanoat klasterlari tashkil etish, tadbirkorlikka oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya kompaniyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘plab loyihalar, qator muhim ijtimoiy dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.

So‘ngi yangiliklarga ko‘ra, BAA bilan fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimlar soni yana bittaga ko‘paydi.

Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro xususiy huquq kafedrasi o‘qituvchisi Nozimbek Dilboboyev quyidagilarni ma’lum qildi:

– BAA delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida 2024 yil 27 sentyabrda Toshkent shahrida mamlakatimiz bilan BAA o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi.  

2025 yil 14 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025 yil 25 martda kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida Bitimni (Toshkent, 2024 yil 27 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi QL-71 sonli O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritildi.

Loyiha 2025 yil 15 apreldagi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarori bilan birinchi o‘qishdayoq ma’qullandi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborildi.

Senatning yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.  

2025 yil 18 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida Bitimni(Toshkent, 2024 yil 27 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun qabul qilindi va mazkur hujjat ratifikatsiya qilindi.

Shu kunga qadar ikki davlat o‘rtasida ekstraditsiya, jinoyat ishlarida huquqiy yordam, havo qatnovi, savdo-iqtisodiy munosabatlar, daromad soliqlari bo‘yicha ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish, fan va texnika kabi yo‘nalishlarda jami 31 ta kelishuv imzolangan.  

Qonun bilan ratifikatsiya qilingan mazkur Bitimda ikki davlat o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, har ikki davlat fuqarolarini bir-birining hududida teng huquqiy himoya bilan ta’minlash hamda fuqarolik va iqtisodiy masalalar yuzasidan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini yaratish nazarda tutilgan.

Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish, sud hujjatlarini tan olish va ijro etish kabi masalalar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish tartibi ham belgilanmoqda. Albatta, bu hujjat ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy munosabatlar, xususan, o‘zaro savdo va investitsiyalar oqimiga ham ijobiy ta’sir qilmasdan qomaydi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA