8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Prezidentimiz raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham ayollarga bog‘liqligi ta’kidlandi.
“Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu maqsad mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Ularning ijrosini tizimli tarzda, har bir mahalla kesimida amalga oshirish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yangi maqsad va g‘oyalar Ichki ishlar organlari tizimida “O‘zbekiston ayollari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan xotin-qizlar respublika forumida ham qizg‘in kutib olindi.
Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida boshlangan forumda ichki ishlar sohasida xizmat qilayotgan eng faol 200 nafar xotin-qiz ishtirok etmoqda.
Forumni tashkil etishdan asosiy maqsad ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning bilim saviyasini, tashabbuskorligini, faolligini oshirishdir. Shu bilan birga, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, shuningdek hududlardan kelgan ayollardan faoliyatidagi muammolarini aniqlash hamda ularga ko‘maklashishdan iborat.
Forumning ilk kunida mehmon sifatida chaqirilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qilayotgan xotin-qizlar, ichki ishlar organlari faxriylari o‘z fikrlarini bildirib, yosh xodimlarga tavsiyalar berdi.
Shuningdek forum doirasida “Uch avlod uchrashuvi” ham bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan ichki ishlar organi faxriy xodimi, general-leytenant Zokirjon Almatov ushbu sohaning qanchalik sharafli ekani va shu bilan birgalikda o‘ziga yarasha mashaqqatlari borligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, davra suhbati davomida vazirlik tomonidan ichki ishlar organi tizimida xizmat qilayotgan 52 nafar xotin-qizga moddiy yordam berish maqsadida foizsiz qarzlar taqdim etildi.
Forum doirasida tizimda faoliyat yuritayotgan namunali xodimalarning hayoti va xizmat jarayonlari aks ettirilgan videolavhalar ham namoyish qilindi.
Tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi vakillari, mudofaa va adliya vazirligining hamda Milliy gvardiya saflarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarga Ichki ishlar vazirligining bayram sovg‘alari taqdim etildi.
Forum bahorning ilk kunlarida tashkil etilgani bois ishtirokchilar shoira Zulfiyaxonim haykalini ziyorat qilib, uning poyiga gulchambar qo‘ydi.
Ishtirokchilar forum doirasida Muqimiy nomidagi O‘zbek musiqali drama teatriga tashrif buyurib, “Ayyorgina ayolim” spektaklini tomosha qildilar.
N.Abduraimova, O‘zA