Avtomobilsozlik sanoatida raqobatbardosh sharoitlarni yaratish va qulay investitsiya muhitini shakllantirish yo‘lida O‘zbekistonda o‘tgan besh yil ichida bir qator yuqori qiymatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Sohasi erishilgan yutuqlarni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Musharaf Mir Ahmadova quydagicha izohlaydi.
– O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati sohasi 2016-2020-yillarda jadal rivojlandi. Jumladan, avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga o‘sib, 280 mingtaga yetkazildi. Sohaga "halollik vaksinasi" tatbiq etilib, chuqur ildiz otgan korrupsiya amallariga barham berildi. Raqobatni kuchaytirish maqsadida mamlakatimizga eng yirik jahon brendlaridan Germaniyaning "Folksvagen" avtomobillari Jizzax viloyatida ishlab chiqarila boshlandi.
Ishlab chiqarish Pandemiyaning O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatiga ta’siri nisbatan yumshoq o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 2020 yilda avtosanoat sohasida faoliyat yuritadigan korxonalar tomonidan jami 33 718,9 mlrd. so‘mlik avtotransport vositalari, treyler va yarim pritseplar ishlab chiqarildi. 2016 yilda ushbu qiymat 4 112,3 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lib, o‘sish sur’ati 8 barobarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, 2016 yil avtosanoat umumiy sanoat hajmining 3,7 foizini qamrab olgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 9,2 foizga teng bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida avtosanoatning umumiy sanoatdagi ulushi 2016-2020 yillar oralig‘ida 5,5 foiz punktga o‘sganini ko‘rsatadi.
Xususan, 2020 yil mobaynida 280 080 dona yengil avtomobillar (o‘sish sur’ati +217,7foiz), 642 dona avtobuslar (o‘sish sur’ati -29,3 foiz), 4 163 dona yuk mashinalari (o‘sish sur’ati +30,1%), 673 dona traktorlar (o‘sish sur’ati -6,5foiz), va 41 dona maxsus transport vositalari ishlab chiqarildi.
bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yo‘lovchi va tijorat transport vositalarining to‘liq assortimentini ishlab chiqaruvchi yagona mamlakat hisoblanadi. Hozirgi kunda yurtimizda 85 dan ortiq korxonalar avtosanoat sohasida faoliyat yuritmoqda va ushbu soha bo‘yicha 200 dan ortiq xorijiy korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik mavjud. bugungi kunda sanoat 28 ming kishini ish bilan ta’minlashga erishgan.
Valyuta bozorining liberallashtirilgani, davlat tomonidan avtosanoat sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator shart-sharoitlar yaratilib berilganligi, xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qilinayotgan sa’y-harakatlar natijasida, avtosanoat sohasidagi tashqi savdo dinamikasi 2016-2020 yillar oralig‘ida jadal rivojlandi.
2016-2020 yillarda «O‘zavtosanoat» AJ korxonalarining eksporti 639,5 mln. dollarni tashkil qildi. Statistik tahlillarga ko‘ra, 2016 yilda 55,1 mln. dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, o‘tgan yili bu qiymatni 208,9 mln. dollargacha ko‘tarishga erishildi va bunda o‘sish 4,1 barobarni tashkil qildi.
Xususan, o‘tgan yil mobaynida 170,7 mln. dollarlik yengil avtomobillar (18 552 dona), 14,4 mln. dollarlik avtobuslar (217 dona) va 11,9 dollarlik yuk mashinalari (780) eksporti amalga oshirildi. 2020 yilda Qozog‘istonga 168,6 mln. dollarlik, Ozarbayjonga 7,2 mln. dollarlik, Afg‘onistonga 5,7 mln. dollarlik, Qirg‘izistonga 4,9 mln. dollarlik va Rossiya Federatsiyasiga 3,6 mln. dollarlik avtotransport vositalari eksport qilingan.
Shahnoza Mamaturopova,O‘zA