Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston avtomobil bozori tahlili
16:43 / 2025-12-22

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil noyabr oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston avtomobil bozorining holatiga doir yangilangan tahlilni e’lon qildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, noyabr oyida avtotransport vositalarining barcha toifalari bo‘yicha jami savdolar hajmi 101,1 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga yuqori.  

Birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi yillik hisobda 15 foizga oshdi, bu o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan taxminan 4,4 ming donaga ko‘pdir.

Hududlar kesimida yengil avtomobillar savdosi o‘sish sur’ati bo‘yicha Toshkent shahri (+37 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8 foiz) yetakchilik qildi.

Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar segmentida realizatsiya hajmi taxminan 30 ming donani tashkil etib, yillik hisobda 13,6 foizga o‘sdi.

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi esa 5 ming donaga yaqin bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,5 foizga yuqori qayd etildi.

Ikkilamchi avtomobil bozorida noyabr oyida taxminan 52 mingta foydalanilgan yengil avtomobil realizatsiya qilindi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga kam.

Shu bilan birga, poytaxtda foydalanilgan avtomobillar savdosi 1,4 barobarga oshdi va o‘tgan yil noyabriga nisbatan 3,4 mingtaga ko‘p avtomobil sotildi.

Bundan tashqari, ikkilamchi bozorda elektromobillar realizatsiyasi yillik hisobda 1,8 barobarga o‘sdi.

M.Qosimova tayyorladi, O‘zA