Avstriyaning Krems Amaliy fanlar universiteti asoschisi va kuzatuv Kengashi raisi, professor Xayns Boyer boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi.
Samimiy o‘tgan muloqotda turizm, tadbirkorlik va talabalar tayyorlashda o‘zaro hamkorlik masalalari, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturi (dual degree program)ning amaliy natijasi, kadrlar tayyorlash jarayoniga xalqaro standartni joriy etish hamda amaliyot dasturlarini takomillashtirish mavzulari muhokama qilindi.
Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, raqamli yechim asosida baholash tizimini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi va xalqaro grant loyihalarini ilgari surish masalalari ham ko‘tarildi.

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi ta’lim aloqalarining mustahkamlanishi ikki mamlakat yoshlarini global turizmning yangi bosqichlariga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro grant loyihalarida hamkorlikda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda fikr almashildi.
Xayns Boyer Buxoroda oliy ta’limga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadi. Turizm, tibbiyot sohalariga xalqaro standartlar bo‘yicha malakali kadrlar yetkazib berish borasida hamkorlik yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi.

-Buxoroga ikkinchi bor kelishim. Bu ko‘hna va hamisha navqiron shaharni Yevropada juda yaxshi bilishadi. Bu yerda azaldan ilm-ma’rifat rivojlangan. Ayniqsa, hozirda bu yerga ko‘plab sayyohlar kelyapti. Shuni hisobga olib, viloyatda turizm, mehmonxona xo‘jaligi va ta’limni birlashtirgan katta loyihani rejalashtirib turibmiz. Bu dual ta’limga asoslanadi va ishonchim komil, hamkorligimiz kelajakda Buxoro va Avstriya aloqalarida ko‘prik bo‘ladi, -dedi Xayns Boyer.
Ayni vaqtda Vena shahrida joylashgan Krems Amaliy fanlar universiteti hamda Buxoro davlat universiteti o‘rtasida talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqot va akademik dasturlarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot hamda o‘qituvchi kadrlar almashinuvi, umumiy manfaatga ega bo‘lgan nashrlar va ilmiy materiallar bilan almashish, talabalar va bitiruvchilar uchun amaliyot dasturlarini tashkil etish, media va axborot resurslarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.