"ACI Europe" - Yevropa xalqaro aeroportlari kengashi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab 2000ga yaqin aeroport operatorlarini birlashtirgan global tashkilotdir.
Joriy yilning 18-20 iyun kunlari "Uzbekistan Airports" vakillari Afina shahrida (Gretsiya) bo‘lib o‘tgan "ACI Europe"ning XXXV yillik kongressi va Bosh assambleyasida ishtirok etdi.
Tadbir aviatsiya sohasi yetakchilari va menejerlarini birlashtirib, global aviatsiyadagi yangi chaqiriqlar va imkoniyatlarni muhokama qilish, kelajakdagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro aeroportlar bilan aloqalarni o‘rnatish, ACI hamkorlarining innovatsiyalari bilan tanishish uchun asosiy platformaga aylandi.
Anjumanda jahon yetakchilaridan "Vinci Airports" (Fransiyadagi global aeroport operatori), AENA (Ispaniyadagi yetakchi aeroportlar tarmog‘i), Istanbul aeroporti (Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi asosiy aeroport), "Hethrow" (Buyuk Britaniyadagi eng gavjum aeroport), "Aeroporti di Roma" (Italiyadagi yetakchi aeroportlar operatori) va boshqa yirik aeroport operatorlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida "ACI Europe" bosh direktori Olive Yankovets o‘tgan 2024 yilda tashkilotga a’zo mamlakatlarda yo‘lovchi tashishning pandemiyadan oldingi davr - 2019 yilga nisbatan dinamikasi to‘g‘risida taqdimot qildi.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatimiz aeroportlarining yo‘lovchi tashish hajmi 2019 yilga nisbatan ikki baravar ko‘paygan. Shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar orasida O‘zbekiston eng yaxshi natijani ko‘rsatgani ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, "Uzbekistan Airports" 2024 yil oktyabr oyidan boshlab "ACI Europe" tashkilotidagi a’zoligini qayta tiklagan edi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA