O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyiha doirasida “O‘zatom” agentligi Belarus Respublikasining muvaffaqiyatli tajribasini o‘rgana boshladi. Shu maqsadda joriy yil 5-6 avgust kunlari agentlik delegatsiyasi ushbu mamlakatda bo‘lib, AES qurilishi va uning ekspluatatsiyasi borasidagi ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishmoqda. Tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan tashkil etildi.
Tashrifning ilk kunida “O‘zatom” delegatsiyasi Belarus Respublikasi energetika vaziri Denis Moroz bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida tomonlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, atom elektr stansiyasini milliy energetika tizimiga integratsiya qilish, jismoniy himoyani ta’minlash, ishlatilgan yadro yoqilg‘isini qayta ishlash, radioaktiv chiqindilarni boshqarish hamda jamoatchilik bilan hamkorlik kabi masalalarda tajriba almashish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston tomoni atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Belarus tomoni esa infratuzilmani tashkil etish, vaqtincha shaharcha va AES mutaxassislari uchun maxsus shahar barpo etish, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasidagi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayevning qayd etishicha, Belarus tajribasi O‘zbekistonda atom energetikasini joriy etish jarayonida asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Uning ta’kidlashicha, milliy sanoat korxonalari bilan ishlab chiqarish kooperatsiyasi, yetkazib berishni mahalliylashtirish va Belarus kompaniyalarining loyihadagi ishtirokini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan mamlakat tajribasi O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega. Bu esa atom energetikasini qo‘llab-quvvatlashning sanoat bazasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Belarus Respublikasi energetika vaziri Denis Morozning ma’lum qilishicha, mamlakatda 2023 yilda quvvati 2400 megavatt bo‘lgan birinchi atom elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Hozirgi kunda Belarusda iste’mol qilinadigan elektr energiyasining qariyb 40 foizi aynan shu AES hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ushbu AES qurilishida ishtirok etgan kompaniyalar “Rosatom” davlat korporatsiyasining xalqaro loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Uning fikricha, kelgusida Belarus kompaniyalari O‘zbekistondagi AES qurilishida ham ishtirok etishi mumkin.
Tashrif doirasida “O‘zatom” agentligi delegatsiyasi “Belenergo” davlat ishlab chiqarish birlashmasi dispetcherlik xizmati markaziy boshqaruv pulti faoliyati bilan tanishdi. Ushbu markaz Belarus hududida elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonlarini markazlashtirilgan holda tunu kun boshqarib boradi.
“O‘zatom” agentligi axborot xizmati ma’lum qilganidek, bugun delegatsiya a’zolari Belarus atom elektr stansiyasi hamda uning tarkibidagi o‘quv-mashg‘ulot markazi faoliyati bilan tanishadi hamda ikki tomonlama muzokaralar va amaliy maslahatlashuvlarda ishtirok etadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA