Akademik bilan suhbat
Taniqli astronom olim, akademik Bobomurod Ahmedov bilan milliy astronomiyani rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar xususida suhbatlashdik.
— Astronomiya murakkab fan. Siz ko‘proq qaysi jihatini o‘rganasiz?
—Yulduz umrini yashab bo‘lganidan so‘ng u portlaydi, ya’ni so‘nadi va qoldig‘i massasiga qarab oq mitti, neytron yulduz yoki qora o‘raga aylanadi. Ana o‘sha yashash umri tugagan yulduzlarni o‘rganish mening asosiy vazifam. Astronomik til bilan aytganda yosh yulduzlar tug‘ilishi uchun keksa yulduz, o‘ta yangi yulduz bo‘lib portlab, halok bo‘lishi kerak.
— Bugun O‘zbekistonning astro iqlimi qay holatda? Olimlarning yulduzlarni o‘rganish imkoniyati qanday?
—Galaktikamiz nomi “Somon yo‘li” deb ataladi. “Somon yo‘li” galaktikasining o‘zida 200 milliard yulduz bor. Quyosh sanoqsiz yulduzlardan bittasi va quyosh bizga eng yaqin yulduz hisoblanadi.
Quyoshdan yorug‘lik tezligi bilan nur 8 daqiqada, ya’ni asliyatini yo‘qotmasdan bizgacha yetib keladi. Yulduzlar quruq, bug‘ kam bo‘lgan hududlarni yaxshi ko‘radi. Yurtimizda dashtli hududlar ko‘p. Dashtli joylarda suv parlari kam bo‘lgani uchun yulduzlarning nurlari bizga o‘zgarmasdan yetib keladi.
“Maydanak” observatoriyasining astro iqlimi dunyodagi eng yaxshi astroiqlim. Demak, biz O‘zbekistonda yulduzni kuzatamiz desak, o‘sha yulduz qo‘limizga qo‘ngandek, yaqqol ko‘rinadi.
Yevropaga borib dengiz bo‘yiga chiqib, osmonga qarasangiz bir dona ham yulduzni ko‘rmaysiz. Chunki dengiz ko‘p joyda suv parlangach, u yerda bulutlar paydo bo‘lib, yulduzlarni to‘sadi. Bizdagi atmosfera qatlami “Maydanak” observatoriyasida yulduzdan kelgan suratni buzmaslikka harakat qiladi. Shu sababli bizda yulduzlarning eng tiniq surati paydo bo‘ladi. Tabiat bizga astronomiya bilan shug‘ullanishimiz uchun juda katta imkoniyat yaratib bermoqda. Bu imkoniyatdan to‘liq foydalanib qolishga harakat qilyapmiz.
—Bugungi kunda astronomiya institutidagi olimlar qanday izlanishlar olib boryapti. Yangi ixtirolar bormi?
—Astronomiya instituti 1873 yilda tashkil topgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tasarrufida. Markaziy Osiyoda zamonaviy tipdagi eng qadimiy ilmiy tekshirish instituti sanaladi. Tashkil bo‘lganiga 150 yildan oshdi. Bugun mana shu katta tarixiy tajribaga ega bo‘lgan institutimizda yosh olimlar ishlaydi. Misol uchun, Baxtiyor Narzilloyev 27 yoshida fizika-matematika fanlari doktori bo‘ldi. Guruhimizning o‘zida 10 ta fan doktori mavjud, ularning 9 tasi yoshlar. Yoshlar bor joyda rivojlanish ko‘p bo‘ladi. Birinchidan, ularda ishtiyoq juda yuqori, ikkinchidan til o‘rganish, dasturlashlarni juda tez o‘zlashtiradi.
Biz o‘z yo‘nalishimizda asosan yulduzlarning xususiyatlarini bashorat qilishga harakat qilamiz.
Superkompyuterda har qanday astrofizik jarayonlarni modellashtirish bilan shug‘ullanamiz. Shogirdlarimga nisbatan talabchanman. Agarda bugun astrofizikada raqamli tajribani yo‘lga qo‘ya olmasang, yaxshisi boshqa kasbni o‘rgan, deyman.
2017 yilda bizda yangi yulduz kuzatildi. Yangi yulduz – yulduz o‘lishidan oldin portlaydi. Portlaganidan keyin biz uni o‘rganamiz. Yulduz nima uchun o‘lyapti va u o‘lganidan so‘ng nima paydo bo‘ladi, degan savolga javob izlaymiz.
Bundan tashqari hozirgi kunda gravitatsion to‘lqin astronomiyasi paydo bo‘ldi. Gravitatsion to‘lqin astronomiyasida yangi hodisa neytron yulduz to‘qnashuvi sodir bo‘ldi va biz uni to‘liq rentgendan radiodiapazongacha o‘rgandik.
Yana ikkita “qora o‘ra” to‘qnashgandagi elektromagnit signalini qayd qilish bilan ham shug‘ullanyapmiz.
Bu amalga oshirayotgan ishlarimizning bir qismi. Amaliy izlanishlarimiz ko‘p. Institut shug‘ullanayotgan yo‘nalishlari xilma-xil va har bitta yo‘nalishda biz o‘z so‘zimizni aytamiz.
— Bugungi kundagi milliy astronomiyaning holati haqida nima deysiz?
—Prezidentimiz Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Islom davlatlari sammitida Qashqadaryodagi “Maydanak” observatoriyasida yangi to‘rt metrlik teleskop o‘rnatish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu masalani amalga oshirish hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turibdi.
Agar 4 metrlik teleskop o‘rnatilsa, fan yanada rivojlanadi. Hozirgi kunda o‘nlab teleskoplar ishlab turibdi. Lekin ularning eng kattasi bir yarim metr. Bizga kattaroq teleskoplar kerak. Katta teleskoplar yordamida katta kashfiyotlar qilamiz. Ikkinchi tomondan radioastronomiyaga ham alohida e’tibor berilyapti. Jizzax viloyatidagi “Suffa” observatoriyasida bu bo‘yicha loyiha boshlangan.
Agar o‘sha loyiha oxiriga yetkazilsa, bizlarda ham radioastronomiya rivojlanadi.
Hozirgi kunda guruhimizga Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan bir qancha loyihalar berilgan. Men boshqarayotgan bitta loyihaning miqdori 4 milliard 132 million so‘m. Uning 40 foizini uskunalarga ishlatamiz. Superkompyuterlar sotib olyapmiz. Raqamli tajribalarni biz davlat tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga amalga oshirib boryapmiz.
— Astronomlar samoni yerdan turib, kosmonavtlar esa fazoga uchib o‘rganishadi. Bir paytlar Vladimir Jonibekov, Solijon Sharipov kabi o‘zbek yigitlari kosmosga chiqqanini eslaylik. Shu ma’noda, bugungi kunda o‘zbek kosmonavtlarini yana kosmosga uchish imkoniyatlari qanday?
— Kosmonavtikaning asl vatani O‘zbekiston. 2-3 yil avval amerikalik olim Shen Kerrol “Dunyodagi eng buyuk o‘nta g‘oyalardan biri Ibn Sinoniki” degan fikrni aytdi. 1957 yilda odamzotdan buyuk kashfiyot qilindi. Ilk bor sun’iy yo‘ldosh yerning gravitatsion yo‘ldoshini tark etdi. Mana shu buyuk kashfiyotda Ibn Sinoning hissasi bor. Chunki kosmik kemaning ishlash prinsipi impuls saqlanish qonuniga asoslangan. Demak, kosmosga chiqayotgan har bitta kosmik kemada Abu Ali Ibn Sinoning, kosmik kemalarning ichida ishlayotgan har uskunaning ishlash prinsipida Al Xorazmiyning g‘oyasi yotipti.
Kosmonavtikani rivojlantirish maqsadida “O‘zbekkosmos” agentligi tuzilgan. Hozirgi kunda biz kosmonavtikani ehtiyojlarimizga qarab rivojlantirishimiz kerak. O‘zbek yigitlari orasidan kosmosga parvoz qiladigan kosmonavtlar yetishib chiqishiga ishonaman.
— Astronomiyani rivojlantirish, kuchli kadrlarni tayyorlash uchun qanday takliflar berasiz?
— 2017 yilda Prezidentimiz qarori bilan Astronomiya instituti yangilandi. Astronomiya murakkab fan bo‘lgani bois institut qoshida astronomiya maktab-internati tashkil etildi.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/hMdLM8bx3_8" title="2 fevralya 2024 g." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sohani yangi kadrlar bilan boyitish uchun muhandislar sinfini shakllantirish kerak. Buning uchun esa tuman, shahar markazlarida texnika muzeylarini ko‘paytirish va u yerga yoshlarni jalb qilish zarur. Yoshlar texnikani o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, undan qanday foydalanish mumkinligini o‘rgansagina ularda astronomiyaga qiziqish o‘yg‘onadi.
Hali osmonda yechilmagan siru sinoatlar, jumboqlar juda ko‘p. Ularni yechish uchun esa bizga bilimli, izlanuvchan yoshlar kerak.
N.Rahmonova,
A.Sodiqov, A.Ahmedov (video), O‘zA