Arxivlar – hujjatlarda aks etuvchi tarix. Qolaversa, arxivlarda saqlanadigan hujjatlar har birimizga kerak bo‘lishi mumkin. Shu bois arxiv to‘g‘ri yuritilsa va saqlansa, muhimi, undan foydalanish qulaylashtirilsa, foydadan holi emas.
Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi arxivlar qanday ishlamoqda? Sohaga qanday yangiliklar joriy etilayotir?
Bu savollarga Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Isomiddin Latipov javob berdi:
– Arxiv ishi bo‘yicha 14 hududiy boshqarma hamda 223 davlat arxivi faoliyat yuritmoqda. Shundan 3 tasi O‘zbekiston milliy arxivi, 101 tasi davlat arxivi, 119 tasi xo‘jalik hisobidagi shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi hisoblanadi.
Agentlik tizimidagi arxivlarda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo tarixiga oid 16,1 million birlikdagi hujjat saqlanmoqda.
Davlat arxivlarida saqlanayotgan 8,3 million (10 foiz)dan ortiq milliy arxiv fondi hujjatlari elektron shaklga o‘tkazildi.
Agentlik faoliyatida sifat menejmenti va korrupsiyaga qarshi menejmenti tizimlari joriy etilib, ISO 9001:2015 va ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatlariga munosib, deb topildi.
Agentlik tizimidagi arxivlarni adliya organlari bilan uyg‘unlashtirish jarayonlari amalga oshirildi. Xususan, aholiga arxiv sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va qulayligini yanada oshirish maqsadida arxiv organlari zamonaviy binolar bilan ta’minlanmoqda. Misol uchun, Jizzax viloyatidagi davlat arxivlari uchun viloyat adliya boshqarmasi tasarrufidagi 13 bino ajratildi. Shundan Forish, Paxtakor, Arnasoy va Mirzacho‘l tumanlaridagi to‘rtta tuman shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari zamonaviy binolarga ko‘chirildi. Boshqa arxiv organlarini ham bosqichma-bosqich zamonaviy binolar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, arxiv ishi sohasining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, tadbirkorlik sub’ektlarining og‘irini yengil qilish maqsadida nodavlat arxivlarni tashkil etishni soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi va hukumatga kiritildi.
Unda nodavlat arxiv faoliyatini boshlash xabardor qilish tartib-taomili bilan tartibga solinishi nazarda tutilmoqda. Ushbu tartibga o‘tilishi, shubhasiz, tadbirkorlik sub’ektlariga nodavlat arxiv faoliyatini amalga oshirishda keng imkoniyatlar yaratadi.
Mazkur qonun qabul qilinishi natijasida ayrim eskirgan tartibotlar bekor bo‘ladi. Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan, saqlash muddati vaqtincha bo‘lgan arxiv hujjatlarining o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida arxiv hujjatlarining elektron nusxalarini talab etish amaliyoti bekor qilinadi.
Davlat organlari hamda tashkilotlarida “qog‘ozsiz ishlash” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Hujjatlarni “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimida elektron saqlash amaliyoti joriy etiladi.
Bundan tashqari, arxiv ishi sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish bo‘yicha ham qator takliflar ishlab chiqilmoqda. Yaqin kelajakda yuridik texnikumlarda “Arxivshunoslik” yo‘nalishida kunduzgi, sirtqi, masofaviy va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Sohada amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlar arxiv organlari tomonidan aholiga tez, qulay va sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatishga qaratilgan.
Norgul Abduraimova, O‘zA