Bugun Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Toshkentda bo‘lib o‘tgan Arab muvofiqlashtiruvchi guruhi (AMG) ning davra suhbatida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yilning iyul oyida Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida asosiy maqsad – Arab muvofiqlashtirish guruhiga kiritilgan tashkilotlar ishtirokida joriy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonini ko‘rib chiqish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi istiqbolli tashabbuslarni aniqlashni taklif qilgan edi.
Tadbirda Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasi, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, Qatar taraqqiyot jamg‘armasi, Ab-u-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi, Kuvayt iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, shuningdek, O‘zbekiston vazirliklari va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Vazir L.Qudratov o‘z tabrigida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasi uchun Arab muvofiqlashtirish guruhiga minnatdorlik bildirdi. Xususan, bugungi kunga qadar 40 dan ortiq loyiha amalga oshirilgani, 21 tasi amalga oshirilayotgani, 8 tasi ishlab chiqilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilishda aviatsiya, avtomobil va temir yo‘l transporti, logistika, infratuzilma, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, suv ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish yo‘nalishlarida 20 ta yangi istiqbolli loyiha taqdim etildi.
Arab muvofiqlashtirish guruhi delegatsiyasi vakillari tarkibiga kiruvchi tuzilmalar rahbarlari, o‘z navbatida, loyihalarning yuqori darajada rivojlanishi, ularning mamlakat sanoatini modernizatsiya qilish va infratuzilmasini rivojlantirishdagi muhim rolini ekspertlar darajasida batafsilroq o‘rganish va keyinchalik uni amalga oshirishni ta’kidlab, hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.
– Bugun Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasi (ITFC), Islom taraqqiyot banki (ITB) delegatsiyasi bilan O‘zbekistonda faoliyatimizni kengaytirish yo‘lida barcha imkoniyatlarni o‘rganish uchun shu yerdamiz, - dedi Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasi Bosh ijrochi direktori, Arab muvofiqlashtirish guruhi delegatsiyasi rahbari Xani Salem Sonbol. – Albatta, biz O‘zbekiston bilan avvaldan hamkorlik qilib kelamiz. Xususiy sektor va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish nuqtayi nazaridan ko‘proq natijaga erishdik. Bilasizmi, Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi O‘zbekistonda moliyaviy institutlarni qo‘llab-quvvatlashda ancha faol. Shuningdek, biz O‘zbekistondagi deyarli to‘qqizta bangga maslahat xizmatlarini ko‘rsatamiz. Ochig‘ini aytsam, so‘nggi bir necha yil ichida kuzatilayotgan bu o‘sishni ko‘rishdan juda mamnunmiz. Bu bizga O‘zbekistonda xususiy sektor, tijorat banklari, moliya institutlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz uchun ko‘proq kuch beradi. Joriy yilning 2-3-may kunlarida bo‘lib o‘tadigan Toshkent investitsiya forumini intiqlik bilan kutyapmiz. Ayni kunlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Savdo va sarmoya aloqasi dasturi” deb nomlangan muhim loyiha ustida ishlayapmiz.
Davra suhbati kun tartibiga muvofiq, BMT shafeligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘rib chiqildi va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash uchun resurslarni safarbar etishning qo‘shimcha imkoniyatlari o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni amalga oshirish va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli loyihalar ro‘yxati va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida kelgusidagi hamkorlikning aniq mexanizmini o‘z ichiga olgan yakuniy bayonnomani imzoladilar.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/htPYPgIcPM4" title="Oʻzbekiston Arab muvofiqlashtirish guruhi bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muharrama Pirmatova, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA