O‘zbekiston Amerika bozorida mamlakatning boy turizm salohiyatini targ‘ib etish maqsadida «O‘zbekiston — Ipak yo‘li durdonasi» shiori ostida qator road-shou tadbirlarini o‘tkazdi. Mazkur taqdimotlar AQSHning yirik megapolislari — Nyu-York va Chikago shaharlarida tashkil etildi.
Road-shouning birinchi bosqichi 2026 yil 24 yanvar kuni Nyu-York shahrida AQSHdagi eng nufuzli sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri hisoblangan "Travel & Adventure Show-2026" doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonning qadimiy tarixi, boy madaniy merosi, turli xil turizm yo‘nalishlari hamda mamlakatning betakror tabiiy va me’moriy obidalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Taqdimot kompaniyasining ikkinchi bosqichi 2026 yil 27 yanvar kuni Chikago shahrida o‘tkazildi. Unda turizm sohasi mutaxassislari, turoperatorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekistonning tarixiy-madaniy boyliklari, noyob sayyohlik marshrutlari va zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi.

Qayd etilishicha, AQSHning yetakchi shaharlarida o‘tkazilgan ushbu road-shou tadbirlari O‘zbekistonni Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim sayyohlik markazlaridan biri sifatida xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirlar xorijiy hamkorlar va sayyohlar orasida mamlakatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA