Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – AQSH: xalqaro hamkorlik suv va qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlar ochmoqda
09:59 / 2026-02-20

Suv resurslaridan samarali foydalanish, agrar tarmoqda innovatsion yechimlarni joriy etish hamda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish bugungi kunda sohani barqaror rivojlantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va suv-agrar sohasi vakillaridan iborat ishchi guruhning AQSHga amalga oshirgan xizmat safari doirasida amaliy natijalarga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Xususan, Administratsiya rahbarining o‘rinbosari Timur Butunboyev boshchiligidagi ishchi guruh suv resurslarini samarali boshqarish, qishloq xo‘jaligi tizimida suvdan oqilona foydalanish, agrar sohada innovatsion biotexnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan amaliy muloqotlar o‘tkazdi.

Jumladan, Vashingtondagi o‘simliklarni to‘qima kulturasi (in vitro) asosida sanoat miqyosida ko‘paytirishga ixtisoslashgan “Plant Cell Technology” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan avtomatlashtirilgan vaqtinchalik immersiya (temporary immersion) bioreaktor tizimi mehnat sarfini kamaytirish, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish hamda ko‘chat yetishtirish hajmini bir necha barobar oshirish imkonini berishi ta’kidlandi.

Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur xizmat safari doirasida ishchi guruh AQSHning sohadagi boshqa yirik kompaniyalari faoliyati bilan ham tanishib, muzokaralar o‘tkazdi. Unda hamkorlik istiqbollari, texnik maslahatlar almashish, shuningdek, sanoat miqyosidagi ishlab chiqarish ob’ektlariga mahalliy mutaxassislarni yuborish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA