Huquqiy munosabat
So‘nggi yillarda dunyo miqyosida tibbiy xizmatlar sifati, bemorlarning huquqlarini himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimida mas’uliyatni oshirish masalalari tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Mamlakatimiz qonunchiligida ham bu jarayonlar alohida e’tiborga olingan.
Har bir tibbiy xatolik nafaqat inson hayotiga, balki jamiyat ishonchiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois ko‘plab davlatlar, xususan, AQSH, Germaniya, Shvetsiya va Fransiyada tibbiy xatolik uchun javobgarlik mustaqil huquqiy soha sifatida shakllangan. Bunda asosiy maqsad bemor manfaatlarini himoya qilish bilan birga, shifokorlarning kasbiy xavfsizligini ham ta’minlashdir.
Nyu-Yorkdagi advokatlik firmasida tibbiy huquq bo‘yicha faoliyat yuritayotgan yurist Feruz Madaminov tibbiy xatolik uchun javobgarlik tizimining AQSH va O‘zbekiston amaliyotidagi asosiy farqlari, muammolari va isloh yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi.
– Tibbiy xatoliklar uchun javobgarlik faqat jazolash vositasi bo‘lishi kerak emas. U eng avvalo, sog‘liqni saqlash tizimida sifat, ishonch va profilaktika tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim. Shu yo‘nalishda o‘zbek yuristlari, xususan, xalqaro tajribaga ega mutaxassislarning izlanishlari kelajakda muhim islohotlarga zamin yaratadi.
O‘zbekistonda amaldagi qonunchilikda tibbiy xatolik holatlari asosan jinoyat javobgarligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (“Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik”) mazkur masalaga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilsa-da, unda bemorga moddiy kompensatsiya, profilaktika yoki sug‘urta mexanizmlari to‘liq yoritilmagan.
Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida shaffoflik, adolat va ishonchni kuchaytirish uchun tibbiy xatoliklarni huquqiy jihatdan to‘g‘ri baholash, fuqarolik-huquqiy himoya mexanizmlarini joriy etish muhim vazifalardan biridir.
Hozirda bu mavzuni xalqaro miqyosda o‘rganayapman. Mening ilmiy faoliyatim tibbiy javobgarlik tizimini O‘zbekiston uchun moslashtirishga bag‘ishlangan. Men AQSH va Yevropa tajribalarini tahlil qilib, “MedicalMalpractice Reform and Access to Justice” nomli maqola ustida ishlayapman. Maqsad — adolatli, shaffof va insonparvar sog‘liqni saqlash tizimi yaratishga huquqiy asos taklif etish.
AQSHda tibbiy xatolik deganda shifokor yoki tibbiyot muassasasi tomonidan kasbiy standartlarga rioya qilinmagan harakat yoki harakatsizlik oqibatida bemorga zarar yetkazilishi tushuniladi. Bu — fuqarolik javobgarlik turiga kiradi. Sudlar odatda beparvolik mezonini qo‘llaydi, ya’ni shifokor o‘z kasbida o‘rtacha malakali mutaxassis kabi ehtiyotkorlik bilan harakat qilganmi yoki yo‘qmi, shu baholanadi.
AQSHda tibbiy xatoliklar bo‘yicha da’volar advokatlar tomonidan sudga kiritiladi. Sud jarayonlari odatda hakamlar hay’ati ishtirokida o‘tadi va kompensatsiya miqdori ko‘p hollarda millionlab dollarlarga yetadi. Shu bois sug‘urta tizimi juda rivojlangan.
Mamlakatimizda tibbiy xatoliklar ko‘proq jinoyat huquqi doirasida baholanadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi “Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik”ga ko‘ra, bemorning o‘limiga yoki sog‘lig‘iga og‘ir zarar yetkazish bilan bog‘liq hollarda shifokor 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilishdan boshlab 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Biroq bu norma ko‘proq jazolashga yo‘naltirilgan, bemorga moddiy kompensatsiya berish mexanizmi esa deyarli yo‘q.
Eng avvalo, tibbiy xatolikni faqat jinoyat emas, balki fuqarolik-huquqiy javobgarlik sifatida ham tan olish zarur. Bu bemor huquqlarini himoya qilishni soddalashtiradi. Shuningdek, sug‘urta va kompensatsiya jamg‘armasi mexanizmini joriy etish, mustaqil ekspert komissiyalarni tashkil etish, shifokorlar uchun “xatolikni xabar qilish” madaniyatini shakllantirish muhim. Bunday model Yevropaning Skandinaviya davlatlarida muvaffaqiyatli ishlaydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA