Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amalga oshirgan ishchi tashrifi mazmunan boy bo‘lgan protokol safarida ancha kengroq ahamiyat kasb etdi. Odatda bunday maqomdagi tashriflar qisqa va aniq kun tartibiga ega bo‘ladi. Biroq bu galgi safar nafaqat xalqaro maydondagi ishtirok, balki muhim kelishuvlar va istiqbolli muloqotlar bilan ham yodda qoldi.

Tashrifning markaziy voqeasi – Tinchlik kengashining ilk sammiti bo‘ldi. Mazkur tuzilma tashabbuskori bo‘lgan AQSH Prezidenti Donald Tramp ushbu yig‘ilishga davlatimiz rahbarini shaxsan taklif qilgani e’tiborga molik. Bu holat mamlakatimizning xalqaro siyosiy jarayonlardagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Sammit doirasida G‘azo sektorini tiklash, gumanitar yordam ko‘rsatish va Yaqin Sharqda barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Eng muhim jihati shundaki, O‘zbekiston bu jarayonlarda kuzatuvchi emas, balki amaliy hissa qo‘shishga tayyor hamkor sifatida qatnashmoqda.
Davlatimiz rahbarining nutqida ilgari surilgan fikrlar pragmatik va muvozanatli yondashuvni aks ettirdi. G‘azoning kelajagi avvalo, uning aholisi roziligi va ichki tayanchiga suyanishi zarurligi ta’kidlandi. Bu prinsip xalqaro huquq va suverenitet tamoyillariga to‘la mos keladi. Shu bilan birga, turar joylar, ijtimoiy infratuzilma va tibbiyot muassasalari barpo etishga ko‘mak berish taklifi O‘zbekistonning tinchlikparvar tashqi siyosatini yana bir bor namoyon etdi.
Safarning yana bir muhim qatlami – iqtisodiy diplomatiya. Vashingtonda AQSH savdo va moliya doiralari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar strategik sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitdi. Xususan, BlackRock kabi yirik investitsiya tuzilmalari ishtirok etgani Amerika biznes hamjamiyatining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i, sug‘orish texnologiyalari, muhim minerallarni qazib olish, parrandachilik klasterlari hamda moliya bozorini rivojlantirishga oid hujjatlar imzolanishi tashrifning aniq natijalar bilan yakunlanganini bildiradi.
E’tiborli jihatlardan yana biri, sammit doirasida yigirmaga yaqin davlat delegatsiyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan muloqotlardir. Bunday uchrashuvlar ko‘pincha rasmiy bayonotlardan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi. Chunki, aynan shunday suhbatlarda kelgusidagi loyihalar va o‘zaro anglashuv poydevori qo‘yiladi.
Tashrif tafsilotlari orasida yana bir ramziy holat bor. Toshkent sari yo‘l olgan mamlakatimizning birinchi raqamli borti 12 soatlik parvoz davomida go‘yoki “havodagi shtab”ga aylangani haqidagi xabar ko‘plab yurtdoshlarim qatori meni ham to‘lqinlantirdi. Bu jihat zamonaviy boshqaruv uslubini ko‘rsatadi: davlatimiz rahbari safarda ham ichki siyosiy va iqtisodiy masalalardan uzilmay, hududlar va tarmoqlar bilan aloqani davom ettirmoqda. Global kun tartibida faol qatnashish bilan birga milliy manfaatlar ustuvorligi saqlanib qolayotgani aynan shunda namoyon bo‘ladi.
Umuman olganda, mazkur ishchi tashrif O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichini ifodalaydi. Mamlakatimiz endi xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, ularni shakllantirishda faol ishtirok etayotgan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Vashingtondagi uchrashuvlar shuni ko‘rsatdiki, bugungi diplomatiya faqat siyosiy bayonotlar bilan emas, balki aniq iqtisodiy kelishuvlar, sarmoyaviy loyihalar va mintaqaviy barqarorlikka qo‘shilayotgan real hissa bilan o‘lchanadi.
Shu ma’noda, bu safar qisqa muddatli tashrif bo‘lsa-da, uzoq istiqbolga xizmat qiladigan strategik qadam sifatida baholanmoqda.
Muhammad Igamberdiyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi
akademiyasining magistratura bosqichi tinglovchisi.