Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – AQSH: strategik sheriklik mintaqalararo hamkorlik drayveri sifatida
17:20 / 2026-02-20

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 17–19-fevral kunlari AQSHga tashrif buyurib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish hamda xalqaro munosabatlarni takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan yangi xalqaro tuzilma – “Tinchlik kengashi”ning birinchi majlisida ishtirok etdi.

Tashrif doirasida o‘tkazilgan muloqotlar, ayniqsa, savdo va iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishidagi amaliy muzokaralar va kelishuvlar ikki tomon uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi. Vashingtonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezidentimiz G‘azo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklash hamda mintaqada barqaror tinchlikni ta’minlash yuzasidan O‘zbekistonning yondashuvlarini bayon qildi.

Siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev fikricha, amaliy tashrif davomida iqtisodiy diplomatiyaga alohida e’tibor qaratildi. Ishbilarmonlik dasturi doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazilib, aniq natijalarga erishildi.

Birinchidan, tashrif davomida “Tinchlik kengashi” yig‘ilishida ishtirok etish bilan birga, investitsiya va ishbilarmonlik yo‘nalishida faol muloqotlar olib borildi. Keyingi yillarda siyosiy muloqot faollashgani fonida O‘zbekiston–AQSH hamkorligi muhim sohalarda kengaymoqda. Kun tartibida mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, savdo va investitsiyalarni rivojlantirish, gumanitar va ta’lim aloqalarini chuqurlashtirish masalalari o‘rin oldi.

Energetika, raqamlashtirish, infratuzilma va kadrlar tayyorlash sohalaridagi qo‘shma loyihalar uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Shu doirada Prezidentimiz AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, savdo vakili Jeymison Grir, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi, qo‘shma loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda AQSH hukumati, yirik kompaniyalar va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Videoaloqa orqali O‘zbekiston hududlari rahbarlarining jalb etilishi yangicha va amaliy yondashuv sifatida e’tirof etildi.

Ikkinchidan, savdo va iqtisodiy diplomatiya sohasidagi muzokaralar amaliy va istiqbolli ahamiyat kasb etdi. AQSH yetakchisi, Kongress va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Strategik sheriklik, investitsiyaviy hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Markaziy Osiyodagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi sifatida “C5+1” formatiga alohida e’tibor qaratdi.

Uchinchidan, Vashingtonda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi va qo‘shma loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH hukumati va moliya institutlari vakillari, yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuvni avvalgi muloqotlarning mantiqiy davomi sifatida baholab, iqtisodiy sheriklik strategik ishonch va o‘zaro manfaatdorlik ruhida yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, bugungi sharoitda ishonchli sheriklik, aniq qoidalar va uzoq muddatli hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston AQSH bilan munosabatlarni aynan shu tamoyillar asosida rivojlantirmoqda.

To‘rtinchidan, iqtisodiyot O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekani ta’kidlandi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida muhim xomashyo resurslari, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va boshqa tarmoqlar ko‘rsatib o‘tildi.

AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi va Eksimbankning bitimlarga hamrohlik qilishdagi roli ortib borayotgani alohida qayd etildi. Qo‘shma Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi urg‘ulandi.

Hududlararo aloqalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston viloyatlari rahbarlarining AQSHning hamkor shtatlariga tashriflarini tashkil etish rejasi bildirildi. Davlatimiz rahbari huzurida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini barpo etish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoatni rivojlantirish, moliya bozorini takomillashtirish hamda investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Beshinchidan, ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashdi. Suhbatda 2025-yilda Prezident Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki bergani qayd etildi.

Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ustuvor loyihalarni tizimli ilgari surish maqsadida investitsiya platformasini ishga tushirishga alohida e’tibor qaratildi. Eksimbank bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi. Yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish, yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidandir. “DFC” rahbariyati bilan muloqotda investitsiyaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash masalasi muhokama qilindi.

Oltinchidan, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim almashildi. Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida AQSHning 340 ga yaqin kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Qiymati 35 milliard dollar bo‘lgan uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi amalga oshirilayotgani qayd etildi.

AQSH savdo kotibi Xovard Lutnik bilan muzokaralarda energetika, muhim xomashyo, transport, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari sohalaridagi sanoat kooperatsiyasi muhokama qilindi. Loyihalar portfelini kengaytirish va Amerika kompaniyalari ishtirokini yengillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, AQSH savdo vakili Jeymison Grir ishtirokidagi uchrashuvlarda savdo oqimlarini ko‘paytirish, tartib-taomillarni soddalashtirish va o‘zaro savdoni tartibga solish izchilligini oshirish choralari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi. Tomonlar Markaziy Osiyo bilan savdo va investitsiya bitimi doirasidagi hamkorlik istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar.

E’tiborlisi, “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, O‘zbekiston tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini va uni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishda ishtirok etishga tayyorligini qayd etdi.

AQSH yetakchisi sammit ishtirokchilarini tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan global liderlar sifatida ta’rifladi. Tadbirda G‘azo sektorini rekonstruksiya qilish, infratuzilmani tiklash, xavfsizlikni ta’minlash va xalqaro moliyalashtirish mexanizmlari bo‘yicha rejalar taqdim etildi. 

TDSHU Tahliliy tadqiqotlar markazi vakili Salima G‘ulomova ta’kidlashicha, Kengashning tashkil etilishi xalqaro hamjamiyatning mojarolarni barvaqt oldini olish va ayniqsa Yaqin Sharqdagi o‘tkir inqirozlarga siyosiy-diplomatik yechim topishga qaratilgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekistonning ushbu tuzilmadagi ishtiroki mamlakat tashqi siyosatining izchil yo‘nalishini — muloqotni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro huquqni hurmat qilish va kuch ishlatish ssenariylariga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillarini aks ettiradi. Falastin masalasida BMT rezolyutsiyalariga asoslangan adolatli va barqaror yechimni qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasi ushbu tashabbus doirasida yanada mustahkamlandi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Tinchlik kengashidagi ishtiroki mamlakat xalqaro nufuzi ortib borayotgani va global jarayonlardagi konstruktiv roli e’tirof etilayotganini anglatadi. AQSH uchun esa bu O‘zbekiston tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga qaratilgan tashabbuslarda muhim sherik ekanining yana bir tasdig‘idir.

Umuman olganda, Prezidentimizning mazkur sammitdagi ishtiroki nafaqat yangi xalqaro muloqot arxitekturasini shakllantirishdagi faol pozitsiyani ko‘rsatadi, balki O‘zbekiston–AQSH munosabatlarining ijobiy dinamikasini mustahkamlaydi. Ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlikni strategik darajada chuqurlashtirishga, mintaqada va dunyoda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA