O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi mamlakatimiz tashqi siyosatida ochiqlik, o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlik tamoyillari izchil davom etayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Vashington shahrida AQSH savdo vaziri Xovard Latnik bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining 1 milliard dollardan oshgani, mamlakatimizda AQSHning 340 ga yaqin kompaniyasi faoliyat yuritayotgani hamkorlikning mustahkam iqtisodiy poydevorga ega ekanini ko‘rsatadi.
Xususan, aviatsiya sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi bilan Boeing o‘rtasida 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va qo‘shimcha 8 ta samolyot bo‘yicha opsion kelishuviga erishilgani mamlakatimiz transport salohiyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Bu kelishuv nafaqat Uzbekistan Airways tarixidagi eng yirik shartnoma, balki O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar – “Xitoy – Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yevropa”, “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” kabi multimodal yo‘laklar hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi kabi tashabbuslar mamlakatimizni xalqaro logistika zanjirlarining muhim bo‘g‘iniga aylantirishga qaratilgan strategik yondashuvning amaliy ifodasidir.
Uch yillik 35 milliard dollarlik Iqtisodiy hamkorlik dasturining amal qilishi, Ishbilarmonlik kengashi va Investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvlar esa savdo-investitsiya munosabatlarini tizimli ravishda rivojlantirishga xizmat qiladi. AQSH Eksport-import banki hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish yirik infratuzilmaviy va sanoat loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugungi global sharoitda sheriklar o‘rtasida ishonch, aniq qoidalar va uzoq muddatli hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston – AQSH munosabatlari aynan shu tamoyillar asosida rivojlanib bormoqda.
Tashrif doirasida Donald Tramp raisligida o‘tkazilgan Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etish ham mamlakatimizning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirok etayotganini ko‘rsatdi. G‘azo sektorini qayta tiklash, gumanitar yordam ko‘rsatish va mojarodan keyingi barqarorlashuv jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan bildirilgan fikrlar O‘zbekistonning konstruktiv va tinchliksevar tashqi siyosatini yana bir bor namoyon etdi.
Ayniqsa, mamlakatimiz rahbarining G‘azo hududida ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini barpo etishga hissa qo‘shishga tayyor ekani haqidagi bayonoti O‘zbekistonning global mas’uliyatni chuqur anglagan davlat sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tashrif O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligini mazmun jihatidan boyitdi, iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi va mamlakatimizning xalqaro maydondagi faol, tashabbuskor va ishonchli hamkor sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamladi.
Abdulaziz Gulamov,
Toshkent davlat transport universiteti rektori.