O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 16-22 noyabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib, O‘zbekiston – AQSH siyosiy maslahatlashuvining sakkizinchi davrasida ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston – AQSH munosabatlarining hozirgi holati va istiqboli, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi muhokama qilindi. Mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirish bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
AQSH tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan, mamlakat hayotining barcha jabhalarini qamrab oluvchi keng miqyosli islohotlar natijalariga yuqori baho berdi. Yurtimizning inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, majburiy mehnatga qarshi kurashish, diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishdagi muhim yutuqlarini, jumladan, O‘zbekistonning 2021-2023 yillarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
Siyosiy sohada O‘zbekiston – AQSH hamkorligi tizimli va barqaror tus olgani qayd etildi. Xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
SOVID-19 inqirozining iqtisodiyotga jiddiy salbiy ta’siri qayd etilib, AQSH global pandemiya oqibatlariga qarshi kurashda O‘zbekistonga yordam berishi tasdiqlandi.
Amerika tomoniga BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida O‘zbekiston rahbari ilgari surgan tashabbuslarning konseptual ahamiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
«S5+1» shakli mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, birgalikdagi ishlarning aniq yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyoning global transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyalashuvini ta’minlash hamda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya va energetika sohalaridagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha amaliy choralarni kuchaytirish masalasiga urg‘u berildi.
“O‘zbekiston – AQSH – Afg‘oniston” uch tomonlama hamkorlik shakli doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Afg‘onistonni Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy va integratsiya jarayoniga faol jalb etish hamda ushbu mamlakatning tranzit salohiyatini oshiruvchi investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ushbu zaminda mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim sharti ekani qayd etildi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan ikki tomonlama maslahatlashuv shaklini Strategik sheriklik muloqotiga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Muloqotning ta’sis yig‘ilishini 2021 yil Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi bir qator uchrashuv va muzokaralarda ishtirok etdi. Jumladan, AQSH mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Metyu Pottinger, davlat rahbarining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi, milliy xavfsizlik bo‘yicha vitse-prezident maslahatchisi Keyt Kellog, Prezident yordamchisi, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kertis, AQSH Davlat kotibi yordamchisi, demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi rahbari Robert Destro, AQSH Davlat kotibi yordamchisi, Davlat departamenti xotin-qizlar global masalalari bo‘yicha idorasi rahbari, maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri bilan uchrashuvlarda siyosiy muloqot ko‘lamini yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi.
Amerika tomonining ta’kidlashicha, AQSH hukumati mamlakatimizda yuz berayotgan jadal ijobiy o‘zgarishlarni olqishlaydi. AQSH ekspertlarining fikriga ko‘ra, ayni islohotlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylangan.
Hukumatimiz delegatsiyasi va AQSH Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler o‘rtasidagi uchrashuvda tomonlar Adam Bolerning 29 iyun – 1 iyul kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildi. Shuningdek, sanoat, xizmat ko‘rsatish va infratuzilmani rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va yangi texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha sheriklikni yanada chuqurlashtirish istiqboli belgilab olindi.
Afg‘oniston infratuzilmasini yaxshilash va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash O‘zbekiston bilan DFC o‘rtasidagi hamkorlikning muhim istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Shu ma’noda tomonlar joriy yilning may oyida boshlangan «O‘zbekiston – AQSH – Afg‘oniston» uch tomonlama hamkorlik shakli doirasida muloqotni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zA muxbiri
G‘.XONNAZAROV tayyorladi.