Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – AQSH: sheriklik tobora mustahkamlanyapti
17:05 / 2025-11-06

AQSHdagi Kaspiy siyosati markazi (CRC) Direktorlar kengashi a’zosi, mintaqa xavfsizligi hamda siyosati dasturi rahbari Elchi Richard Xugland Milliy axborot agentligi (O‘zA) bilan suhbatda bugungi kunda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari hamkorligi “juda mustahkam va keng qamrovli” ekanini ta’kidladi.

https://casp-geo.ru/wp-content/uploads/2023/11/171123.jpg

Diplomat aytishicha, sheriklik iqtisodiyot, ta’lim, ommaviy axborot vositalari, axborot kabi turli yo‘nalishlarni qamrab olgan.

– Haqiqatan juda ko‘p sohalarda mustahkam va ijobiy munosabatlar o‘rnatilgan, – deya ta’kidladi ekspert.

O‘zbekistonning mintaqaviy yetakchiligi

Elchi Xugland so‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro aloqalarda ham, AQSH bilan muloqotda ham o‘ta faol va to‘laqonli ishtirok etayotganiga alohida e’tibor qaratdi:

– Biz mintaqa mamlakatlari, birinchi navbatda, O‘zbekiston rahbarligida bir-biri bilan tobora yaqin hamkorlik qila boshlaganini kuzatmoqdamiz. Umid qilamanki, vaqt o‘tishi bilan bu davlatlar xalqaro miqyosda yanada salmoqli vakolatga ega bo‘lish uchun rasmiy tashkilot – o‘ziga xos ittifoq, masalan ASEAN yoxud Boltiq kengashi kabi format tashkil eta oladilar. Bunday tashabbus davlatlarning siyosiy birlashuvi emas, balki xalqaro maydonda kuchliroq mintaqaviy ovozga ega bo‘lish uchun sa’y-harakatni birlashtirish istiqboli bilan izohlanadi. Markaziy Osiyoning har bir davlati o‘zining kuchli tomoniga ega va aynan yagona maqsad va manfaat yo‘lida birga ishlash umumiy muvaffaqiyat kaliti bo‘la oladi.

Islohotlar va demokratik o‘zgarishlar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan siyosiy va demokratik islohotlar haqida so‘z yuritarkan, diplomat mazkur jarayonning sezilarli samarasini ta’kidladi:

– Bu juda ijobiy o‘zgarish, chunki demokratiya xalqni mustahkamlaydi, yanada kuchliroq qiladi va pirovardida farovonlikka eltadi. Eng muhimi, bularning bari insonlar manfaatiga yo‘naltirilgan.

Iqtisodiyot va investitsiya

Yurtimizdagi iqtisodiy islohotlar va sarmoyaviy muhitni baholarkan, janob Xugland O‘zbekistondagi AQSH kompaniyalari ajoyib natijalarga erishayotganini e’tirof etdi.

– “Business C5+1” formati tufayli Amerika korxonalari boshqa hamkorlariga O‘zbekiston va Markaziy Osiyoni investitsiya uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqishni tavsiya qilmoqda, – deya qo‘shimcha qildi ekspert. – Bu butun mintaqa uchun ajoyib signal.

“Markaziy Osiyo + AQSH” sammiti: o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot

C5+1 formatidagi sammitlar mavzusini sharhlagan Elchi Richard Xugland tomonlarning muloqotni rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy intilishini muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi:

– Bu zo‘r tashabbus. Mazkur uchrashuvlar Markaziy Osiyo davlatlari Qo‘shma Shtatlarning muhim rolini, AQSH esa o‘z navbatida muhim strategik mintaqa sifatida Markaziy Osiyoning ahamiyati oshib borayotganini tan olishini tasdiqlaydi.

Abduaziz Xidirov tayyorladi. O‘zA