English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – AQSH: savdo-iqtisodiy hamkorlikning yangi imkoniyatlari
09:48 / 2023-09-17

Xabar qilganimizdek, bugun davlatimiz rahbari AQSHga yetib bordi. Mazkur tashrif oldidan mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi Qo‘shma Shtatlarda qator tadbirlarda ishtirok etdi.

Xususan, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ushbu mamlakat savdo vaziri o‘rinbosari, savdo vakili o‘rinbosari, Jahon banki vitse-prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi, yirik kompaniyalar rahbariyati bilan muzokara olib bordi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston uchun GSP dasturi benefitsiar maqomini qayta tiklash, mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishini tashkil qilish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdo munosabatida to‘siqlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan qo‘shma maslahat platformasi yaratish doirasida hamkorlikni faollashtirish, investitsiyani himoya qilish va ikki tomonlama soliqqa tortishdan saqlanish bo‘yicha hukumatlararo bitimni tayyorlash yuzasidan muzokara boshlashga kelishildi.

Shuningdek, “yashil masala kun tartibi”, “inson kapitalini rivojlantirish”, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy qilish, iqtisodiyotda davlat rolini kamaytirish, xususiylashtirish hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi ma’qullandi.

Amerika kiyim-kechak va poyabzal assotsiatsiyasi, “Starlink”, “Medtronic”, “Colourizd”, “Pfizer”, “B2Gold”, “Morgan Stanley”, “Akin Gump”, “Cerberus Frontier” singari yirik kompaniyalar rahbariyati bilan muzokaralar ham samarali kechdi.

Banklar, kimyo korxonalari va uyali aloqa kompaniyalarini xususiylashtirish, innovatsion vaksina ishlab chiqarish, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish masalalari tahlil qilindi.

O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga ilg‘or texnologiya va dasturiy ta’minot joriy etish loyihalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSH investitsiyasini jalb etishga kelishib olindi.

O‘zA