AQSHning Nebraska shtati Omaha shahridagi “Valmont Industries Inc.” kompaniyasi MDH va Turkiya bo‘yicha tijorat direktori Sergey Stefanov, kompaniyaning mintaqaviy menejeri Sergiy Melnichenko va boshqa mutasaddilar Buxoroga keldi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan tashkiliy ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Mehmonlarga viloyat uchun sug‘orish loyiha dasturi taqdimot qilindi. Loyihaning asosiy maqsadi viloyatda sug‘orish tizimlarini ishlab chiqish va o‘rnatishdir. Hozirgi bosqichda Peshku tumanida tanlab olingan yer maydonlarida sug‘orish tizimlarini amalga oshirishning imkoniyat va mosligini baholash ishlari davom etmoqda. Tanlangan hudud asosiy sug‘orish kollektor kanali (T-9 kollektor) bo‘yida joylashgan bo‘lib, sharq-g‘arb yo‘nalishida o‘tadi va atrofdagi qishloq xo‘jaligi yerlari uchun muhim suv yetkazib berish infratuzilmasi hisoblanadi.

Hududdan tuproq namunalari olingan va laboratoriya sharoitida tahlil qilingan. Viloyatdagi iqlim ko‘rsatkichlari va tuproq strukturasini inobatga olgan holda ikki bosqichli sug‘orish rejasi ishlab chiqilgan.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, loyiha ishga tushgach, hosildorlik 30–40 foizga oshadi, suv sarfi 20–35 foizga tejaladi, energiya sarfi 30–60 foizga kamayadi, mineral o‘g‘itlar sarfi 25–30 foizga qisqaradi. Shuningdek, tuproq unumdorligi yaxshilanadi. Qo‘l mehnati (sug‘orish ishchilari ehtiyoji) 90 foizgacha kamayadi. Loyiha notekis relefda ham suvning bir tekis taqsimlanishini ta’minlaydi. Raqamli boshqaruv tizimi ekinlarni monitoring qilish imkonini beradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.