Energetika va neft-gaz sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu yo‘nalishda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jamiyat boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning "Air Products" kompaniyasi Yevropa va Afrika mintaqalari bo‘yicha prezidenti Ivo Bols bilan o‘tkazgan muloqoti ham shu maqsadlarga qaratildi.
Dastlab tomonlar o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. So‘ngra qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni, shuningdek neft-gaz tarmog‘ida hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ayniqsa, bunda tabiiy gazni chuqur qayta ishlash sohasida strategik sheriklikni rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Bundan tashqari, “Uzbekistan GTL” zavodining barqaror va uzluksiz faoliyatini ta’minlash, texnologik qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish uskunalarining ishonchli ishlashi hamda ehtiyot qismlarni o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Suhbat yakunida tomonlar gazni qayta ishlash sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan boshqa istiqbolli loyihalar bo‘yicha strategik hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA