Geologiya va konchilik sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, xalqaro tajribani joriy etish hamda mutaxassislarning xorijiy tillarni bilish darajasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan ta’lim dasturlari sohadagi mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Shu kabi tashabbuslar doirasida Geologiya fanlari universitetida “World Learning” tashkiloti bilan hamkorlikda konchilik sohasi mutaxassislari uchun tadbir tashkil etildi.
Muloqot davomida 15 fevraldan 2 maygacha tog‘-kon, metallurgiya va geologiya sohasi mutaxassislari uchun mo‘ljallangan onlayn ingliz tili kursining (MOOC) mazmuni, o‘qitish formati hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Dasturning asosiy maqsadi O‘zbekiston bo‘ylab 500 nafargacha kon sanoati mutaxassislari, olimlar va konchilik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga sifatli ingliz tili ta’limini taqdim etishdan iborat.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati qayd etganidek, mazkur o‘quv kurslari sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning xalqaro ilmiy manbalar bilan ishlash, xorijiy hamkorlar bilan muloqot qilish va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilimlarini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ushbu hamkorlik konchilik sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, talabalar va mutaxassislarning bilim darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA