Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – AQSH biznes-forumida o‘ndan ortiq hujjat imzolandi (+video)
13:42 / 2023-09-17

17 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga keldi.

Davlatimiz rahbarining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekiston – Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari, investitsiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQSHning AKT, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi yirik korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, AQSH –O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, AQSH EKSIMbanki prezidenti Reta Jo Lyuis va Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Das Mark Pommershaym so‘zga chiqdi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, hukumatlar va ishbilarmon doiralarning doimiy hamkorligi muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

O‘zbekiston tomoni iqtisodiyot, savdo, sanoatni rivojlantirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha erishilgan muhim yutuqlarni taqdim etdi. Xususan, erkin bozor va sog‘lom raqobat mexanizmlari yaratilgani, tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, iqtisodiyotda davlat ishtirokining qisqarishi va keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayonlari boshlangani ta’kidlandi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston sarmoya kiritish bo‘yicha Amerika ishbilarmon doiralari uchun jozibador manzilga aylandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda AQSHning 300 ta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p. Avtomobil ishlab chiqarish – General Motors, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish – John Deer, CNH, gaz qazib olish – Air Products, qishloq xo‘jaligi – Silverleafe va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli odimlar kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati, kimyo va energetika tarmoqlari, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektronika, axborot texnologiyalari singari qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va uchinchi davlatlarga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishda katta imkoniyatlar mavjud.

Ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish muhimligi, barcha qo‘shma loyiha va tashabbuslar davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlashnishi qayd etildi.

Tadbir davomida global raqobat, ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida sessiyalar o‘tkazildi.

Biznes-forum ishi O‘zbekiston va AQSH vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yetakchi kompaniyalari rahbarlarining «G2B» va «V2V» formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7UYTl5PTihs" title="O‘zbekiston – AQSH biznes-forumida o‘ndan ortiq hujjat imzolandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘zA