Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston ancha faol va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda
09:23 / 2023-08-24

Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining yettinchi asosiy ustuvor yo‘nalishida belgilangan mamlakatimizning ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga doir muhim vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekistonda parlament diplomatiyasini amalga oshirishda milliy manfaatlarni ilgari surish va ularni himoya qilish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro jarayonlardagi ishtiroki sezilarli darajada yuksaldi. Mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va islohotlar tashqi siyosatimizda ham o‘z aksini topmoqda. O‘zbekiston oldingi davrlarga nisbatan ancha faol va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Bu siyosat o‘zining progressiv xarakteri va tinchlikparvarligi bilan xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Bu jihatlar Parlament quyi palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan davra suhbatida qayd etildi. 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida nafaqat dunyoning yetakchi davlatlari bilan, balki mintaqa davlatlari bilan ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda. 

Eng avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari har qachongidan ko‘ra ancha kengaydi. Birgina 2022-2023 yillarda Markaziy Osiyo yo‘nalishida 150 dan ortiq oliy va yuqori darajadagi tadbirlar amalga oshirildi. Pirovard natijada Markaziy Osiyo xalqlarining bir-biriga yaqinligi ta’minlanmoqda, bordi-keldi aloqalari ko‘paydi, savdo-sotiq munosabatlarining salmog‘i ancha ortdi. 

O‘zbekistonning izchil, konstruktiv va mutanosib siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari bilan ishonch va o‘zaro tushunish ancha mustahkamlandi. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning o‘ziga xos mexanizmi – mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari joriy etildi. 

Shuningdek, xalqaro munosabatlarda MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi mintaqaviy tashkilotlarda O‘zbekiston tomonidan faol ishlar amalga oshirilmoqda. Janubiy Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlar bilan aloqalar izchil rivojlanmoqda. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. 

Shu bilan birga Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan ham aloqalarimiz keyingi yillarda keng qamrovli tus oldi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida 1996 yilda imzolangan Florensiya bitimini yangilash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Yaqinda Bitim bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. 

O‘zA