Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM tomonidan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi: sifat infratuzilmasini takomillashtirishda joriy qilinayotgan yangi akkreditatsiya xizmatlari” mavzusida matbuot anjuman bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida mahalliy tovarlarning xorijga eksport ko‘lamini oshirish, mamlakatda faoliyat yuritayotgan laboratoriyalar uchun akkreditatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun xalqaro standartlarni mamlakatga joriy qilish vazifasi qo‘yilgan. Bu yo‘nalishda “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM hozirgi kunda 10 ta yo‘nalishda xalqaro e’tirofga erishgan va yaqin kelajakda yana 4 ta yo‘nalishda xalqaro tan olishga erishishni rejalashtirgan.
Milliy akkreditatsiya tizimida 473 ta muvofiqlikni baholash organlari xalqaro standartlar asosida akkreditatsiya qilingan. Shulardan 293 tasi sinov laboratoriyalari, 93 tasi mahsulotlarni sertifikatlashtirish, 27tasi kalibrlash laboratoriyalari, 31 tasi sifat menejmenti tizimi, 18 tasi inspeksiya organlari, 2 tasi xodimlarni sertifikatlashtirish, 3tasi xizmatlarni sertifikatlashtirish, 2tasi malakani tekshirish provayderlari, 2tasi tibbiy laboratoriyalar va 2 tasi standart namuna ishlab chiqaruvchilardan iborat.
Bugungi kunda milliy akkreditatsiya organi oldida yana 4 ta muhim yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tan olishga erishish va bu sohalarda xizmatlarni yo‘lga qo‘yish vazifasi turibdi.
Shuningdek, ISO 17029 – is gazlarini validatsiya va verifikatsiya qilish organlarini akkreditatsiya qilish va ISO 27001 – axborot xavfsizligiga oid tamoman yangi xalqaro sertifikatlar bo‘yicha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM Global sifat infratuzilmasi indeksi bo‘yicha 185 ta davlat ichida 39-o‘rinni egallab turibdi. Bugungi kunda erishilgan xalqaro tan olish ko‘lami va uning natijalari o‘zbek akkreditatsiya sohasining JST bilan integratsiya jarayoniga tayyorligini anglatadi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA