Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston aholisi 2025-yilda banklarga valyutani sotib olganidan ko‘ra faolroq sotdi
11:54 / 2026-02-12

2025-yilda O‘zbekiston aholisi va yuridik shaxslar tomonidan ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar faolligi sezilarli darajada o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank 2025-yil yakunlari bo‘yicha rasmiy tahlilda ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, jismoniy shaxslar tijorat banklariga 21,7 milliard dollarlik valyuta sotib, 2024-yilga nisbatan 34,8 foiz yoki 5,6 milliard dollarga ko‘p valyutani bozorga taklif qildi. Shu bilan birga, ularning valyutani sotib olish operatsiyalari 12 milliard dollarni tashkil qilib, 2024-yilga nisbatan 27,7 foiz yoki 2,6 milliard dollarga ko‘paydi. Natijada ijobiy saldo 9,7 milliard dollarga yetdi va ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif yaratildi.

2025-yilda aholi xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga 18,9 milliard dollar valyuta kiritdi, bu 2024-yilga nisbatan 28 foizga yoki 4,1 milliard dollarga ko‘p degani. Shuningdek, valyuta chiqishi 2,6 milliard dollarga teng bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan kamroq hisoblanadi.

Yuridik shaxslar tomonidan valyuta taklifi talabdan tezroq o‘sdi — 36 foizga, talab esa 24 foizga ko‘paydi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning eksport tushumlari hisobiga shakllanadigan valyuta taklifi 18 milliard dollarga yetdi, shuning 40 foizi ichki valyuta bozorida sotildi. Shu bilan birga, 2025-yilda xorijiy kreditlar hisobiga 9,7 milliard dollarlik valyuta sotuvi amalga oshirildi.

Ichki valyuta bozorida sotib olingan mablag‘lar ulushi — 63,7 foiz, xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga importni moliyalashtirish — 24 foiz, xorijiy kreditlar ulushi — 12,3 foizni tashkil etgan. Valyuta taklifi va talabining o‘sishi eksport tushumlari, xorijiy investitsiyalar, kreditlar va xalqaro pul o‘tkazmalari orqali rivojlandi.

2025-yilda ichki valyuta bozorida jismoniy va yuridik shaxslar faolligi iqtisodiy barqarorlik va bozor infratuzilmasining samaradorligini ko‘rsatdi. Valyuta taklifining yuqori o‘sishi milliy valyutaga bosimni pasaytirdi, inflyatsiyaga ta’sir etuvchi omillar kamaydi va dollarlashuv darajasi qisqardi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA