Shu kunlarda mamlakatimiz delegatsiyasi Germaniya poytaxtida nufuzli eksportchilar, ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar va biznes sohasi mutaxassislarini birlashtirgan “Fruit logistica” xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari ko‘rgazmasida ishtirok etishmoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat agrosanoat sektorida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar “Made in Uzbekistan” milliy brendi ostida o‘z mahsulotlarini namoyish etishmoqda.

Qayd etish joiz, ushbu ko‘rgazma yurtimizning ho‘l va quruq meva mahsulotlarini Yevropa bozorlarida targ‘ib qilish va yangi hamkorlar topish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Ko‘rgazma doirasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar Yevropa, Yaqin Sharq va boshqa o‘lkalardan kelgan ishbilarmonlar va chakana savdo vakillari bilan uchrashuvlar tashkil qilib, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mazkur xalqaro ko‘rgazmada 90 ta davlatdan 3 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar agrosanoat sohasidagi eng so‘nggi yangiliklar bilan tanishish va yangi hamkorlar topish imkoniga ega.
Mirhabib Sayfullayev, O‘zA