“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida Surxondaryo viloyati va Afg‘onistonning Balx viloyati delegatsiyasi ishtirokida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-logistika aloqalarini yanada rivojlantirish, yuk tashish jarayonlarida yaratilgan qulayliklardan unumli foydalanish, chegara orqali o‘tadigan transport oqimini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i I. G‘ulomov, viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i B.Qosimov, viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i I.Ibragimov hamda Afg‘oniston hukumati vakili Zakir Shoh, Balx viloyati gubernatori yordamchisi Mohammad Davud, “Astras” logistika tashkiloti rahbari Mullo Bismilloh Bavari, Balx viloyati karantin boshqarmasi boshlig‘i Doktor Maqsud, “Inter Aziya logistika” kompaniyasi rahbari Afg‘on Xashmatulloh ishtirok etgan muloqot chog‘ida keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichda rivojlanib, savdo-logistika sohasida tub burilish yuz bergani ta’kidlandi.

Bu jarayonda “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi ham muhim o‘rin tutayotgani xususida so‘z yuritildi. Joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston – Afg‘oniston o‘rtasida 99 ming 420 ta transport vositasi harakatlanib, 20,9 milliard dollarlik 3 million 43 ming tonnadan ortiq yuk tashilgani qayd etildi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-logistika aloqalarini yanada rivojlantirib, yuk tashish jarayonlarida mavjud imkoniyatdan keng foydalanish, chegara orqali o‘tadigan transport oqimini samarali tashkil etish yuzasidan o‘zaro fikr almashdi. Ikki davlat o‘rtasida yuk almashinuvi ya’ni, Afg‘onistondan O‘zbekistonga mahsulot yetkazib berish, O‘zbekistondan qo‘shni mamlakat bozorlariga eksport jarayonlarida transport-logistika xizmatlarini soddalashtirish, yuklarni saqlash, ortish-tushirish, bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish masalalarida qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Afg‘oniston vakillariga import-eksport jarayonlarida zarur bo‘ladigan hujjatlar, ruxsatnomalar, bojxona tartib-taomillari, shuningdek, transport vositalarining kirib-chiqishida qo‘llaniladigan nazorat mexanizmlari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA