Toshkentda “O‘zbekiston - Afg‘oniston” biznes forumi o‘z ishini boshladi.
Eksportchilar va Biznesni rivojlantirish uyushmalari tashabbusi bilan, Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etilgan anjumanda ikki mamlakatning savdo, turizm, qurilish, qishloq xo‘jaligi, konchilik hamda transport va aviatsiya kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya rahbarlari ishtirok etmoqda.
E’tiborga molik jihati, Afg‘oniston palatalar federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlar va investorlar federatsiyasi hamda Qobuldagi “Jahon” savdo markazi filialining yaqindan ko‘rsatgan yordami bilan tadbirga hamkor davlatning “Top-100”ga kiruvchi yirik investorlari, tadbirkorlari jalb etilgan.
Forum doirasida mehmonlarga O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar, mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida so‘zlab berildi.
Afg‘oniston Islom Respublikasining Qishloq xo‘jaligi, Canoat va Konchilik hamda Transport va Aviatsiya vazirlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimizdagi hamkasblari bilan uchrashdi.
Anjuman doirasidagi ko‘rgazmada 100dan ortiq mahalliy ishbilarmon elektroenergetika, neftni qayta ishlash, farmatsevtika, turizm-mehmonxona, logistika, qurilish, sanoat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahsulotlarini hamkor davlat ishbilarmonlariga namoyish etmoqda. Tadbirkorlarda shu joyning o‘zida kelishuv bo‘yicha shartnoma imzolash imkoni bor. Har bir ishtirokchiga mahsulot taqdimoti uchun 5 daqiqa vaqt ajratiladi.
Yurtimizning eng faol tadbirkorlari va talabgor davlat importyorlarini bir iqtisodiy maydonda jamlovchi mazkur tadbir O‘zbekiston eksport salohiyatini bir necha barobar oshirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Afg‘oniston tadbirkorlari delegatsiyasi orasidagi yirik investorlar O‘zbekistonda mehmonxona, restoran va turizm yo‘nalishlariga sarmoya kiritish istagini bildirishgan.
Biznes forumi dasturiga muvofiq, iqtisodiy zonalarga biznes-tur va poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayohat uyushtiriladi.
Anjuman 22 fevralgacha davom etadi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA