Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston 2030 yilga qadar daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishi kutilmoqda
09:25 / 2026-01-15

Iqtisodiy taraqqiyot aholi farovonligini yuksaltirishning asosiy omili bo‘lib, uni modernizatsiya qilish “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu kunlarda strategiyaning yangilangan loyihasi muhokamasi jarayonida iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va raqobatbardosh milliy iqtisodiy tizimni shakllantirish masalalariga e’tibor qaratilmoqda. 

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining majlisida shu haqda so‘z bordi. 

Qo‘mita raisi Erkin Gadoyev investitsiya muhitini yaxshilash, mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xususiy sektor ulushini oshirish muhim yo‘nalish ekanini ta’kidladi. 

Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilishi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish maqsadida “korxona – oliy ta’lim muassasasi – ilmiy tashkilot” klaster tizimi joriy etilib, 2030 yilga qadar davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladigan tadqiqotlarni 1,6 mingga yetkazish hamda iqtisodiyotning “drayver” tarmoqlarida 850 turdagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, mehnatga layoqatli aholining, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 4 foizgacha tushirib, 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish maqsad qilinmoqda.

Fiskal barqarorlikni ta’minlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish maqsadida YAIMga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 23 foizgacha qisqartirish hamda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 3 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda bo‘lishini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Strategiya ijrosini ta’minlashda ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik ishtirokining zarurligi qayd etildi. Amalga oshirilishi belgilangan iqtisodiy islohotlarning maqsadi aholi daromadlarini ko‘paytirish, kambag‘allik darajasini qisqartirish va hududlarni kompleks rivojlantirishdan iborat.

Tadbirda strategiya bo‘yicha fikrlar bildirilib, mamlakatimizni raqobatbardosh davlat sifatida rivojlantirishga qaratilgan barcha choralar ko‘rilishi qayd etildi. 

N.Abduraimova,

O‘zA