Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030”: xavfsiz va tinchliksevar davlat asoslari mustahkamlanadi
10:33 / 2024-02-09

Dunyo miqyosidagi hozirgi o‘ta murakkab vaziyat, turli qurolli to‘qnashuvlar va urushlarning avj olishi mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Bu borada Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti gumanitar fanlar kafedrasi boshlig‘i O‘ktam Urunov quyidagilarni so‘zlab berdi:  

– Yangi O‘zbekistonning rivojlanish yo‘lini belgilab beradigan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, yurtimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish masalalari ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.  Mazkur hujjatda harbiy xizmatchilarga vatanparvarlik, Vatanga va xalqqa sodiqlik tuyg‘ularini singdirish, harbiy xizmatni o‘tash tartibini zamon talablaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish belgilangan.  

Aytish kerakki, bu borada tizimda zarur ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Qurolli Kuchlar Akademiyasida “Psixologiya (harbiy psixolog)” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ofitser kadrlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. 2023-2024- o‘quv yilidan boshlab kursantlar yangi ta’lim yo‘nalishiga birinchi marotaba qabul qilindi.  

O‘tgan qisqa davrda Axloqiy-ruhiy tayyorgarlikning o‘quv moddiy-texnik bazasini, shuningdek, harbiy psixologlar institutini moddiy-texnik ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar tashkillashtirildi.  

2023 yil sentyabr oyida Mudofaa vazirligi tizimida psixologik yordam ko‘rsatish “Call-senter” bo‘linmasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi va psixologik yordam so‘rab murojaat qilayotgan shaxslarga malakali psixologik yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. “Call-senter” uchun “13-57” qisqa raqam ajratildi.  

Mahalliy va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida harbiy xizmatchilarning doimiy jangovar va psixologik barqaror holatini ta’minlash va shaxsiy tarkibni so‘zsiz jangovar vazifani bajarishga safarbar etish borasida mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Akademiya bazasida Psixologik tayyorgarlik markazi tashkil etildi.  

Markazda Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari, harbiy psixolog, psixolog, yetakchi sotsiologlar, shuningdek, qo‘shinlardagi guruh komandirlari va ularning o‘rinbosarlari, yo‘riqchi-serjantlarning malakasi oshirilishi tashkillashtirilmoqda.  

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarda vatanparvarlik, Vatanga sadoqat hissini tarbiyalash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda Harbiy sport o‘yinlari dasturi ishlab chiqilib, hozirda 6 ta yo‘nalish bo‘yicha saralash bosqichlari o‘tkazilmoqda.  

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” harakatining 14 ta hududiy bo‘limlari hamda 188 ta tuman bo‘linmalari tashkil etildi. Harakatga a’zo bo‘lganlar soni 186 ming 525 nafarga yetdi.  

2023 yil mart-aprel oylarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari o‘rtasida uch bosqichli (tuman-viloyat-respublika) “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari tashkil etildi. Unda yuz mingga yaqin o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.  

O‘tgan yili Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi “Spassk” o‘quv markazida IX xalqaro “Aybin” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda “Vatan tayanchi” harakatining 25 kishidan iborat jamoasi ishtirok etdi. Yig‘inda ilk bor ishtirok etishiga qaramasdan 43 ta jamoa orasida o‘zbekistonliklar 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.  

Yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyasi hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Armiya – vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan uyushmagan, tarbiyasi og‘ir va hisobda turuvchi yoshlarni hamda o‘quvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha 11 ta vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.  

Hududlarda “Vatanparvarlar” harbiy-vatanparvarlik bog‘larini barpo etish, mavjud bog‘larni takomillashtirish maqsadida Harbiy-ma’muriy sektorlar tomonidan beshta hududda (Surxondaryo, Andijon, Namangan, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari) “Vatanparvarlar” bog‘larini barpo etish konsepsiyalari ishlab chiqildi. Hozirda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida bog‘ barpo etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.  

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda Qurolli Kuchlarimizda, xususan Mudofaa vazirligi tizimida milliy armiyamizning mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilar va fuqaro yoshlarni vatanparvarlik, burchga sadoqat va yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega shaxs sifatida tarbiyalash, shaxsiy tarkibning jangovar ruhi va psixologik tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu tadbirlar so‘zsiz, qo‘shinlarimizning jangovar shayligini va salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bunday ishlar joriy yilda izchil davom ettirilmoqda. Bu esa, xavfsiz va tinchliksevar davlat asoslari yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.    

N.Abduraimova, O‘zA