Munosabat
Ma’lumki, 2023 yilda mamlakat taraqqiyotining o‘rta muddatli ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab bergan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilingan edi.

Ushbu strategiyada barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, zamonaviy ta’lim va tibbiyot tizimini shakllantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ekologik barqarorlikka erishish, xalq xizmatidagi adolatli va samarali davlatni barpo etish hamda milliy suverenitet va xavfsizlikni mustahkamlash davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar qisqa vaqt ichida sezilarli ijtimoiy-iqtisodiy natijalarni berdi. Xususan, kambag‘allik darajasining 11 foizdan 5,8 foizgacha pasayishi, yalpi ichki mahsulot hajmining 107,5 milliard dollardan 145 milliard dollargacha o‘sishi, eksport hajmining 24,9 milliard dollardan 33,4 milliard dollarga oshishi, xorijiy investitsiyalar hajmining 17,1 milliard dollardan 43,1 milliard dollargacha ko‘payishi mamlakat iqtisodiy salohiyati mustahkamlanib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Shuningdek, ishsizlik darajasining 6,8 foizdan 4,9 foizga tushishi, xorijiy turistlar sonining 6,6 million nafardan 9,7 million nafarga yetishi, O‘zbekistonning Global innovatsion indeksdagi o‘rni yaxshilanishi, diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni 20 taga ortib 164 taga yetishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Biroq o‘tgan vaqt davomida erishilgan natija va tajribadan kelib chiqib qaralsa strategiyani amalga oshirish jarayonida muayyan muammolar va kamchiliklar ham mavjud ekanligi ko‘zga tashlanadi. Xususan, amaldagi 444 ta samaradorlik ko‘rsatkichining 130 tasi topshiriq va vazifa sifatida belgilanganligi, 31 tasi natija bilan bog‘liq bo‘lmaganligi hamda 23 tasida natijaga erishilganligi sababli yangi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash zarurati paydo bo‘ldi. Ya’ni, strategik rejalashtirishni zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarur.
Qolaversa, bugungi kunda jahonda kechayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi beqarorlik, texnologiyalar va sanoatning jadal rivojlanishi, energiya bozorlaridagi transformatsiya hamda global ta’minot zanjirlarining qayta shakllanishi O‘zbekiston oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bu sharoitda qo‘shilgan qiymat zanjirlariga chuqurroq kirish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, aholi sonining tez sur’atlarda o‘sishi ham yangi yondashuvlarni talab qilmoqda. Agar 2023 yilda doimiy aholi soni 36,7 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2030 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 41 million nafarga yetishi prognoz qilinmoqda. Urbanizatsiya jarayonlari, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va hayot sifatini yaxshilash masalalari strategik rejalashtirishda ustuvor o‘rin tutishi lozim.
Shuningdek, global raqobat tobora bilim va innovatsiyalarga tayanayotgan bir paytda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ma’lumotlarni boshqarish kabi sohalarda tizimli islohotlarni amalga oshirish alohida ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishlardagi yutuqlar mamlakatimiz raqobatbardoshligini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot va xizmatlar yaratish imkoniyatini kengaytiradi.
Shu nuqtai nazardan, “maqsad – harakat – natija” zanjiriga asoslangan mutlaqo yangi strategik rejalashtirish tizimining joriy etilishi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangi global tendensiyalar va chaqiriqlar asosida takomillashtirishni talab etmoqda. 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan yangi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash, ularni aniq, o‘lchovli va natijaga yo‘naltirilgan holda shakllantirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Eng muhimi strategiyani hech ikkilanishsiz xalq hujjati deyish mumkin. Sababi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga o‘zgartirishlar jamoatchilik muhokamasi asosida kiritilmoqda. Ayni kunlarda barcha fuqarolar strategiya hamda strategiya doirasida ishlab chiqlgan 2026 yilgi Davlat dasturi muhokamasida faol ishtirok etib o‘z mahallasi, o‘z hududi hamda mamlakatimiz kelajagi uchun takliflarini bildirishlari mumkin.
Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat taraqqiyotini 2030 yilgacha yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Farmoni loyihasi bugungi murakkab global sharoitda milliy taraqqiyotimizni ta’minlashga xizmat qiladigan muhim dasturiy hujjat hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi deputati sifatida ushbu islohotlarni qonunchilik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotga to‘liq tatbiq etilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish hamda xalq bilan yaqin muloqotda ishlash orqali belgilangan yuksak maqsadlarga erishishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA