Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida davlatimiz rahbarining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlarini keng jamoatchilik muhokamasi va targ‘ibotini tashkil etish maqsadida “Fikrlar marafoni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasining mazmun-mohiyati, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Xususan, mahalla institutini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsad va yo‘nalishlari, uning uzoq muddatli rivojlanishdagi o‘rni va ahamiyati keng yoritildi.
Talabalarga dasturda nazarda tutilgan islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini jadallashtirish, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini ta’minlashdagi muhim ahamiyati atroflicha tushuntirildi. Tadbir doirasida yoshlarning islohotlar jarayonidagi faol ishtirokini rag‘batlantirish masalasiga ham alohida urg‘u berildi.
Tadbir jarayonida talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni tizimlashtirish hamda kelgusida amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu jarayon jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
“Fikrlar marafoni” tadbiri davlat dasturlari va strategik hujjatlarni keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar va talaba-yoshlar orasida targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga nisbatan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni sifatida tashkil etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA