So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining o‘rta muddatli maqsad va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim dasturiy hujjat sifatida maydonga chiqdi. Biroq global o‘zgarishlar sur’atining oshishi, demografik o‘sish, raqamli iqtisodiyot va texnologiyalar rivoji strategiyani doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilash va 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash mamlakat taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Avvalo, mazkur farmonning konseptual asosi davlat faoliyatini natija bilan bog‘lashdir. “Maqsad – harakat – natija” zanjiri qat’iy joriy etilmoqda. Har bir maqsad uchun aniq, o‘lchanadigan va javobgarlik yuklaydigan indikatorlar belgilanmoqda.
Strategiya ijrosi ustidan monitoringning to‘liq raqamlashtirilishi davlat boshqaruvida shaffoflikni kuchaytiradi. “Yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga asoslangan baholash tizimi rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirib, formal hisobotchilikdan voz kechishga majbur qiladi. Bu esa davlat xizmatining mazmunini tubdan o‘zgartiradi. Ya’ni, raqamli monitoring qog‘oz hisobot davri tugamoqda deganidir.
Endilikda barcha ko‘rsatkichlar raqamli platforma orqali kuzatiladi. Masalan, agar bir hududda ish o‘rinlari yaratish rejasi bajarilmasa, u avtomatik ravishda “qizil zona”ga tushadi. Buni yashirish yoki qog‘oz bilan to‘g‘rilab qo‘yish mumkin emas.
Bu tizim oddiy odam uchun ham tushunarli: “yashil” — ish yaxshi ketyapti, “sariq” — muammo bor, “qizil” — masala jiddiy degani. Natijada rahbarlar haqiqiy ishlashga majbur bo‘ladi, davlat xizmati mazmuni o‘zgaradi.
Uchinchidan, farmon global chaqiriqlarga mos javob berishni ko‘zda tutadi. “Yashil iqtisodiyot”, sun’iy intellekt, raqamli platformalar, innovatsiya va inson kapitali rivoji strategiyaning markaziga qo‘yilmoqda. Bu O‘zbekistonning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish bilan birga, iqtisodiy o‘sishni barqaror asosga o‘tkazishga xizmat qiladi. Ya’ni, endilikda global chaqiriqlarga moslashish — bu har bir oilaga daxldorlikni talab etadi.
Bugun dunyo tez o‘zgaryapti. Sun’iy intellekt, raqamli xizmatlar, energiya tejash masalalari faqat olimlar uchun emas, oddiy fuqaro hayoti uchun ham muhim.
Masalan, raqamli platformalar rivojlansa, odam davlat idorasiga borib navbatda turmaydi, xizmatni uyidan chiqmasdan oladi.
“Yashil iqtisodiyot” rivojlansa, elektr va gaz sarfi kamayadi, ekologik muhit yaxshilanadi, farzandlarimiz sog‘lom muhitda yashaydi. Inson kapitaliga sarmoya esa, barkamol avlod, raqobatbardosh kadrlar degani. Bu har bir ota-ona uchun eng muhim masala.
To‘rtinchidan, hujjatda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Strategiya mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholi fikrini o‘rganish, ochiq muhokamalar o‘tkazish orqali davlat qarorlarining ijtimoiy legitimligi mustahkamlanadi. Demak, bunda jamoatchilik ishtiroki — qarorlar odamlardan uzilmaydi. Xalq fikri — qaror qabul qilish jarayonining bir qismiga aylanyapti.
Masalan, mahallada yo‘l qurish, maktab yoki bog‘cha ochish masalasi bo‘lsa, aholi fikri o‘rganiladi, muhokamalar o‘tkaziladi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ochiq muloqot yo‘lga qo‘yiladi.
Bu esa shunchaki demokratiya emas, balki qarorlarning hayotiy va adolatli bo‘lishini ta’minlaydi. Chunki, odam ishtirok etgan qarorni qabul qiladi va uni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ushbu farmonning eng muhim jihati — u davlat strategik rejalashtirishini mutlaqo yangi sifat bosqichiga olib chiqyapti. “Qay darajada natijaga erishdik va bu kimning javobgarligi” degan yondashuv ustuvor bo‘lyapti.
Farmon orqali “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi jonli, doimiy tahlil qilinadigan va o‘zgarib boradigan hujjatga aylanmoqda. Samaradorlik ko‘rsatkichlarining raqamli monitoringi, ularni “yashil–sariq–qizil” tizimi orqali baholash — bu zamonaviy davlat boshqaruvida jahon amaliyotida qo‘llanilayotgan eng ilg‘or usullardan biri.
Shu bilan birga, farmon rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytiradi. Endi natijaga erishilmagan holatni umumiy sabablar bilan izohlab bo‘lmaydi. Bu esa davlat xizmatining falsafasini o‘zgartiradi: lavozim imtiyoz emas, aniq natija uchun javobgarlikdir.
Yana bir muhim jihat, strategiyaning inson kapitaliga yo‘naltirilganidir. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va gender tenglik masalalari aniq raqamlar bilan o‘lchanadigan maqsadlarga aylanmoqda. Bu esa islohotlarning markazida inson turganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilashga qaratilgan ushbu farmon — davlatni boshqarishda deklaratsiyadan natijaga, jarayondan javobgarlikka, rejadan aniq ijroga o‘tishni ta’minlovchi strategik hujjatdir.
Firuza Muxitdinova,
Mirobod tuman Kengashi deputati.