English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari faol qatnashmoqda
14:47 / 2026-01-10

Andijonda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotgani, mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligini ta’kidlagan edi.

Viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining viloyat hududiy bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan takomillashtirilgan loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rahbarlari, sohaviy ekspertlar, davlat idoralari mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Faroxiddin Mamajonov, “Yuksalish” harakati hududiy bo‘linma rahbari Diyorbek Turg‘unov, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Farhodbek Ataxanov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Sherzodbek Valiyev strategiya loyihasining mazmun-mohiyati, ahamiyati, uni takomillashtirish bo‘yicha amaliy taklif va tashabbuslarni shakllantirish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining islohotlar jarayonidagi ishtiroki hamda faolligini kuchaytirish haqida gapirdi.

Darhaqiqat, 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha soha va tarmoqlarida yuksak natijalarga erishish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Takomillashayotgan ushbu dasturiy hujjatning asosiy maqsadi, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitgan holda, mamlakatning o‘rta muddatga mo‘ljallangan rivojlanish yo‘lini yanada samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. 

Shuningdek, tadbirda strategiya loyihasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, yurtimiz va hududlarni rivojlantirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faol ishtirok etishi zarurligi alohida qayd etildi. 

Davra suhbatida Strategiya loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish, targ‘ib etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. 

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto), O‘zA