Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi boshlanadi
18:54 / 2025-12-31

Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasining jamoatchilik muhokamasi jarayonlari boshlanishi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ekspertlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari mas’ullari, OAV vakillari va jurnalistlar qatnashgan tadbirda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori B.Rahmatov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov, “Yuksalish” harakati raisi B.Bekmurodov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Z.Xoldorovlar so‘zga chiqdi.   

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotgani, mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligini ta’kidlagan edi.   

Darhaqiqat, 2023 yilda qabul qilingan bu dasturiy hujjat barcha soha va tarmoqlarda ulkan natijalarga zamin bo‘lib kelmoqda. Kambag‘allik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik 6,8 foizdan 4,9 foizga tushdi, yalpi ichki mahsulot hajmi 103 milliard dollardan 145 milliard dollarga yetdi, eksport hajmi 25 milliard dollardan 33,4 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar hajmi 17 milliard dollardan 43 milliard dollarga oshdi, xorijiy turistlar soni 6,6 milliondan 8,6 million nafarga, maktabgacha ta’lim qamrovi 72 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi 42 foizga, O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni 144 tadan 164 taga yetdi.   

Ikki yil oldin 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan edi. Endi bu marraga 2026 yilning o‘zida erishilishi kutilmoqda. Murojaatnomada kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi. Ya’ni barcha sohalar bo‘yicha yuqori marralar olinyapti.   

2023 yilda aholimiz soni 36,7 million nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 41 millionga yetishi prognoz qilinmoqda. Har bir yangi maqsadni ushbu o‘sishni inobatga olib belgilash bugungi kunning muhim talabi hisoblanadi.   

Bundan tashqari, jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlarda tendensiyalar va dinamika o‘zgaryapti. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, aholi ehtiyojlari ham yangi qadamlarni, aniq rejalarni kun tartibiga qo‘yyapti.   

Ushbu o‘zgarish va natijalarni hisobga olib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqildi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ilmiy markazlarning 350 nafardan ortiq vakillari ishtirokida Strategiyadagi barcha 444 ta samaradorlik ko‘rsatkichi bugungi kun nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqildi.   

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori B.Rahmatov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasini takomillashtirishning qator jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.   

– Barcha ko‘rsatkichlar belgilab olinayotgan yangi va yuqori marralarga moslashtirildi va to‘ldirildi. Bunda yurtdoshlarimizga munosib sharoit yaratadigan, har bir inson va oila hayotida seziladigan maqsadlarga erishilishiga alohida e’tibor qaratildi. Barcha ko‘rsatkichlar o‘lchanadigan, ya’ni, son shaklida (foiz, ulush, daraja, hajm, nisbat, ball, indeks) bo‘lishi qat’iy belgilandi. Hisoblab yoki baholab bo‘lmaydigan, umumiy vazifa, topshiriq va “shior” ko‘rinishidagi ko‘rsatkichlar chiqarib tashlandi. Shuningdek, barcha samaradorlik ko‘rsatkichlarining bajarilishi 2030 yilgacha emas, balki har bir yil bo‘yicha yillar kesimida taqsimlandi. Strategiyada 60 taga yaqin davlat organlariga tegishli samaradorlik ko‘rsatkichi belgilandi va samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishning moliyaviy manbalari aniq ko‘rsatildi. Endi soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirishga doir konsepsiya va strategiyalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq holda ishlab chiqilishi qat’iy belgilanadi.   

Jumladan, keyingi yil 50 tadan ziyod shunday konsepsiya (4 ta), soha va tarmoqlarni rivojlantirish strategiyalari (38 ta) hamda har bir hududni rivojlantirish strategiyalarini (14 ta) qabul qilish rejalashtirilgan. Umuman, Strategiyadagi samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish barcha darajadagi tashkilotlarning eng ustuvor vazifasi hisoblanadi, – dedi B.Rahmatov.   

Matbuot anjumanida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilishi, unda belgilangan vazifalarning yangilanishi mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Strategiya loyihasining muhokamasida keng jamoatchilikning faol ishtiroki belgilanayotgan vazifalarning yanada mukammal va xalqchil bo‘lishini ta’minlashiga e’tibor qaratdi.   

– So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida muayyan yutuqlarga erishildi, bir vaqtning o‘zida esa hayotning o‘zi yangi vazifalar, yangi talablar va yangi chaqiriqlarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Shu bois strategiyani mavjud real sharoit, jamiyat ehtiyojlari hamda jadal o‘zgarayotgan global tendensiyalardan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitgan holda, mamlakatning o‘rta muddatga mo‘ljallangan rivojlanish yo‘lini yanada samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishdir. Shu nuqtai nazardan, amaldagi strategiya doirasida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar hisobga olinmoqda hamda aniq o‘lchash va baholash imkonini  ta’minlash uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Yana bir eng muhim jihat – ushbu strategiya Vatan taraqqiyotiga daxldorlik nuqtai nazaridan har bir yurtdoshimizning qalbigacha kirib borishi zarur. Har bir fuqaro loyiha bilan tanishar ekan, “Bu hujjat menga nima naf beradi?”, “U mening hayotimni qanday o‘zgartiradi?”, “Oilam, farzandlarim va kelajagim uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?” degan savollarga aniq javob topa olsin va shundan kelib chiqib, o‘z fikr va mulohazalarini kiritsin. Ana shunda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi har bir inson hayotida seziladigan, kundalik turmushimizga ta’sir qiladigan aniq o‘zgarishlar manbai bo‘la oladi, – dedi Eldor Tulyakov.  

Anjuman davomida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi, unga o‘z taklif va mulohazalari bilan ishtirok etish bo‘yicha ma’lumot berildi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.   

A.RUSTAMOV, O‘zA