Urganch shahrida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Xorazm viloyat hududiy bo‘linmasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Xorazm viloyat kengashi hamkorligida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi maqsadlarni amalga oshirishda siyosiy partiyalarning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda keyingi vaqtlarda siyosiy partiyalar, mahalliy Kengashlar, partiya guruhlari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va aholini o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyat samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan bir qator ishlarni amalga oshirayotgani ta’kidlandi.
[gallery-17668]
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash siyosiy partiyalar, mahalliy Kengashlar deputatlari, doimiy komissiya va partiya guruhlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, strategiyaning har bir yo‘nalishini tahlil qiladigan bo‘lsak, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish, munosib turmush sharoiti bilan ta’minlash kabi ulkan maqsad va marralar ko‘zlanganini ko‘ramiz, – dedi Markazning Xorazm viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari G‘ulom Sapayev.
Tadbir yakunida siyosiy partiyalar, mahalliy Kengashlar deputatlari, doimiy komissiya va partiya guruhlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov, (surat), O‘zA muxbirlari