Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zbekiston – 2030" strategiyasida yoshlarga oid qanday vazifalar belgilangan? (Video)
12:26 / 2023-10-04

Yaqinda qabul qilingan "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi kelgusi yetti yilga mo‘ljallangan, rivojlanishimizga xizmat qiladigan muhim hujjat bo‘ldi. Unda barcha soha va yo‘nalishlarda bir qator ustuvor maqsad-vazifalar o‘z aksini topgan.

Xususan, Strategiyada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham qator vazifalar o‘z aksini topgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi: 

— Yoshlar masalasi har bir davlat uchun, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham eng muhim yo‘nalish hisoblanadi. Chunki biz qo‘yayotgan qadam, amalga oshirayotgan islohotlarimiz o‘z natijasini berishi uchun harakatni yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan boshlashimiz lozim. 

"O‘zbekiston – 2030" strategiyasida ham yoshlar masalasiga oid ko‘plab reja va maqsadlar oldimizga qo‘yildi. Bugun bizga qanday kadrlar kerak? — Mukammal, bilimi mustahkam, o‘z sohasida yangiliklar yarata oladigan, o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlaydigan kadrlar kerak. Ularni tayyorlashda davlatning mas’uliyati nimada, jamoatchilik nazorati qanday bo‘lishi kerak, fuqarolarning mas’uliyati qanday? — bularning barchasiga Strategiyada aniq javoblar bor. 

Xususan, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida yoshlarning zamonaviy kasblar bilan mashg‘ul bo‘lishini ta’minlash uchun har bir viloyatda 1 tadan «Kreativ park»lar faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga kamida 40 ming nafar yoshlarni jalb qilish maqsad etib belgilangan. Kreativ fikrlaydigan yoshlar har doim jamiyat uchun muhim bo‘lgan. Chunki ular o‘z fikrlarini bugungi islohotlardan kelib chiqib, kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lida bayon etishadi.

Bundan tashqari, Strategiyada har yili 500 nafar iste’dodli yoshlarni xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish hamda maktab bitiruvchilarining kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb egallashini ta’minlash masalasi o‘z aksini topgan.

Ma’lumki, ko‘p yillar davomida maktablarda xorijiy tillarni kichik sinflardan boshlab o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu yoshlarning bilimini oshirish, xorij adabiyotlarini o‘qish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Endilikda ushbu islohotlarning yanada yuqori bosqichiga yetyapmizki, maktab bitiruvchilari kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasbni egallashi shart degan talab qo‘yilyapti. Buning uchun maktablarimizda zarur sharoitlar yaratildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/W_vyG5q_0lo" title="&quot;O‘zbekiston – 2030&quot; strategiyasida yoshlarga oid qanday vazifalar belgilangan?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Keyingi paytlarda maktab o‘quvchilarining bir necha xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirgani yoki muddatidan oldin talaba bo‘lgani haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib yoki eshitib qolyapmiz. Bu nimadan darak? Bu albatta, ta’lim islohotlarining izchil davom etayotganidan dalolatdir. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlar "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida yanada bardavom bo‘ladi.

"O‘zbekiston – 2030" strategiyasida yoshlar borasida belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosini ta’minlashda bizdan faollik talab etiladi. Bu borada parlament quyi palatasidagi Yoshlar komissiyasi tomonidan ham tegishli vazifalarni belgilab oldik.

Strategiyadagi bu kabi vazifalar ijrosini ta’minlashda nafaqat parlament va ta’lim mutasaddilari, balki butun jamoatchilik bor e’tiborini qaratsa, rivojlanish bo‘ladi. Rivojlanish — barchaniki, butun millatniki, jamiyatniki. Shu bois, jamoatchilik nazoratini ishga solib, mavjud muammolarni o‘z vaqtida ayta olish va ularga yechim borasida takliflarni o‘rtaga tashlashimiz lozim.

Muhtarama Komilova, O‘zA