“Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Aholi salomatligini ta’minlash va ijtimoiy himoya tizimlarini takomillashtirish: maqsad va vazifalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘ldi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish, bunda barqaror iqtisodiy o‘sish, yangicha ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, qulay ekologik sharoitlarni yaratish masalalarida so‘z yuritdi. Xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish hamda boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yangi samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilab olinayotgani yuzasidan ma’lumot berdi.
Shuningdek, tadbir davomida vazirlik va idoralar vakillari takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasidagi tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar hamda ko‘rsatkichlar haqida fikr bildirdi.
[gallery-27226]
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova tibbiyot sohasida yangi texnologiyalar hamda vositalarni joriy qilish orqali aholi salomatligini to‘liq ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar asnosida ushbu tizimda kelgusi besh yillik uchun belgilab olinayotgan chora-tadbirlar haqida gapirdi.
Jumladan, davlat byudjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga ajratiladigan mablag‘lar ulushini 2030 yilga qadar YAIMning 5 foiziga yetkazish, qandli diabet kasalligi bor bemorlarni davolash qamrovini 100 foiz ta’minlash, respublikada gemodializ o‘rin joylari bilan bemorlarni to‘liq qamrab olish va o‘rtacha yashovchanligini o‘n uch yildan oshirish, davolash muassasalariga poliklinika elektron yo‘llanmasi orqali borgan bemorlar ulushini 70 foizga yetkazish, barcha xavfli o‘sma aniqlangan bemorlarni davolashni 100 foiz qamrab oliish hamda tibbiyot sohasida 20 ta sun’iy intellekt loyihasini ishga tushirish vazifalarini tahlil qilib berdi.
Shu bilan birga, Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Bekzod Rahmonov sohada bajarilayotgan chora-tadbirlar, aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning inklyuziv ta’limga qamrov darajasini 15 foizga oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalanishga jalb etilgan xotin-qizlar sonini har yili 100 ming (jami 500 ming) nafarga oshirish kabi masalalarga to‘xtaldi. Shuningdek, mahallalarda 3 840 ta xotin-qiz bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish kabi ko‘rsatkichlar haqida tushuntirib o‘tdi.
Tadbir davomida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi mas’ullari ham mamlakatimizda xotin-qizlar va keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayot sifatini oshirishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Shu bilan birga, ijtimoiy jihatdan har tomonlama yordam ko‘rsatish borasida olib borilayotgan tizimli va samarali ishlar haqida ma’lumot berildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida belgilanayotgan manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, tibbiy va psixologik ko‘mak berish, bandlikni ta’minlashga doir masalalar xususida to‘xtalib o‘tildi.
Matbuot anjumani yakunida mas’ullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
A.RUSTAMOV, O‘zA