Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ona va bola muhofazasi
11:39 / 2026-01-19

Sog‘liqni saqlash sohasidagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, tibbiyot tizimini tubdan isloh etish, ona va bola o‘limini kamaytirish, salomatligini asrash, sog‘lom bolalikni ta’minlash masalasiga mamlakatimizda ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Bu jihatlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 16-maqsadida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ushbu dolzarb masalaning ahamiyati nechog‘li muhim ekani xususida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti Oila demografiyasi va xotin-qizlarning iqtisodiy holati tahlili bo‘limi boshlig‘i Sherzod Dusnayev O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

–  Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson hayoti, salomatligi va ijtimoiy farovonlikni davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, milliy taraqqiyotning insonga yo‘naltirilgan modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.  

Ana shu insonparvar yondashuvning tizimli ifodasi sifatida qabul qilinayotgan yangi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni barqaror rivojlantirish, inson kapitalini mustahkamlash va demografik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli dastur hisoblanadi.

Strategiyada aholining hayot sifati, salomatligi va kelajak avlod farovonligi milliy taraqqiyotning hal qiluvchi omillari sifatida qaraladi.

Shu ma’noda, strategiyada alohida belgilangan 16-maqsad — onalar  

va bolalar o‘limini kamaytirish hamda sog‘lom bolalikni ta’minlash aholi taraqqiyoti uchun o‘ta zarur va strategik ahamiyatga ega. Chunki, onalik va bolalik salomatligi inson hayotining eng zaif bosqichlarini qamrab olib, sog‘lom avlod, barqaror oila va sifatli inson kapitali shakllanishining poydevorini yaratadi.

Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish har qanday davlatning ijtimoiy siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etib, inson kapitali sifati, demografik barqarorlik va milliy taraqqiyotning muhim sharti sanaladi.  

Ayniqsa, onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari tibbiy xizmatlar sifati, ijtimoiy himoya samaradorligi hamda jamiyatda inson hayotiga bo‘lgan munosabatni aks ettiruvchi asosiy indikatorlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

O‘zbekistonda  onalar o‘limi ko‘rsatkichi har 100 ming tirik tug‘ilganga 65 nafardan ortiq darajadan 15 nafardan kam ko‘rsatkichgacha pasaydi, go‘daklar o‘limi esa 35 promilledan taxminan 9 promillegacha qisqardi. Ushbu tendensiya sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va profilaktikaga asoslangan tibbiy yondashuv samaradorligini tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, global demografik o‘zgarishlar, surunkali kasalliklar ulushining ortishi va ekologik omillar mazkur sohadagi vazifalarning dolzarbligini yanada oshirmoqda. Ayniqsa, sog‘lom bolalikni ta’minlash inson hayotining ilk bosqichlarida xavflarni minimallashtirish orqali uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy samaraga erishishni talab etadi.

Strategiya doirasida onalar o‘limi sonini 100 ming tirik tug‘ilganga nisbatan 9 nafardan kamaytirish, 3-15 yoshdagi bolalar yod preparatlari bilan, 15-35 yoshdagi xotin-qizlar esa polivitamin, temir va foliy kislotasi bilan ko‘rsatmaga muvofiq 100 foiz bepul ta’minlash, bolalar o‘rtasida yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni 10 foizga, 2-10 yoshli bolalar orasida gelmintozni 15 foizga qisqartirish, go‘daklar o‘limini 6,5 promillegacha va besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini 9 promillegacha kamaytirish belgilangan. Shuningdek, tug‘ruq o‘rinlari soni 14 ming 373 taga oshirish, 6-23 oylik bolalar 100 foiz mikronutriyent kukuni bilan ko‘rsatmaga muvofiq bepul ta’minlash hamda daun sindromi bilan tug‘ilish holatlari 100 ming tirik tug‘ilganga nisbatan 32 gacha kamaytirilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi strategiya kasalliklarni davolashdan ko‘ra ularning oldini olish, erta tashxis va profilaktikaga ustuvor ahamiyat berish orqali onalar va bolalar salomatligini tibbiy, ijtimoiy va demografik omillar uyg‘unligida ta’minlashni nazarda tutadi.

Natijada maqsadga erishish oila barqarorligini mustahkamlab, sog‘lom bolalik orqali sifatli inson kapitali shakllanishini ta’minlaydi hamda demografik barqarorlik va mehnat unumdorligining oshishiga xizmat qiladi.

Shu bois, mazkur maqsadni faqat sog‘liqni saqlash sohasiga oid vazifa sifatida emas, balki mamlakatning uzoq muddatli barqaror taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik yo‘nalish sifatida baholash mumkin.

Shu bilan birga mamlakatning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga kompleks ijobiy ta’sir ko‘rsatib, Inson rivojlanishi indeksi (HDI) hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (ayniqsa SDG 3) bo‘yicha O‘zbekiston natijalari mustahkamlanadi.  

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligining oshishi Ijtimoiy taraqqiyot indeksi (Social Progress Index), Hayot sifati indeksi (Quality of Life Index) va aholi farovonligiga oid xalqaro baholashlarda mamlakat pozitsiyasining yaxshilanishiga xizmat qiladi.  

Bu esa O‘zbekistonning inson qadriga asoslangan, ijtimoiy barqaror va inson kapitaliga yo‘naltirilgan davlat sifatidagi xalqaro imijini yanada kuchaytiradi.

O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.