French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: yangi maqsad va vazifalar
11:24 / 2026-01-27

Munosabat

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab bergani hech kimga sir emas.

Biroq jamiyat ehtiyojlarining kengayishi, global iqtisodiy, texnologik va geosiyosiy o‘zgarishlar, “yashil” hamda raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarining jadallashuvi hamda xalqaro raqobatning kuchayishi davlatlar rivojlanish strategiyalarini muntazam qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

O‘zbekistonning ham o‘tgan sakkiz-to‘qqiz yillik amaliy tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim maqsadlarga erishilgani bilan birga, strategik rejalashtirishda maqsad, muddat va mas’uliyatni yanada aniq belgilash har qachongidan-da muhim sanaladi. Shu nuqtai nazardan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish mamlakat taraqqiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Xususan, keng jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yanada baland marralarga yo‘naltirilgan. Jumladan, yalpi ichki mahsulot hajmini amalda belgilangan 160 milliard dollardan 240 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgani mamlakat iqtisodiyotining ishlab chiqarish salohiyati va raqobatbardoshligi sezilarli darajada oshganligini anglatadi.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 000 dollardan 5 800 dollarga yetkazish rejalashtirilgani esa, islohotlar markazida inson manfaatlari turganini ko‘rsatadi. Bu ko‘rsatkich aholi turmush sifati, xarid qobiliyati va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda ham muhim omil hisoblanadi.

Qolaversa, Strategiya loyihasida ekologik masalalarga ham alohida e’tibor qaratilgani uning dolzarbligini yanada oshiradi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini amalda belgilangan 40 foizdan 54 foizga oshirish rejasi O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lida qat’iy siyosat olib borayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan korxonalar tomonidan har yili ekiladigan ko‘chatlar sonini 30 milliondan 50 million tupga, yerlarni eroziyadan va qum ko‘chishidan saqlash maqsadida ihota daraxtzorlari hajmini 26 200 gektardan 30 055 gektarga hamda daraxt va buta urug‘lari tayyorlash hajmini 840 tonnadan 1 500 tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu choralar ekologik muvozanatni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va aholi uchun sog‘lom yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Strategiyaga kiritilayotgan muhim o‘zgarishlardan yana biri bu – davlat boshqaruvini to‘liq raqamlashtirish va xizmatlarni proaktiv shaklda ko‘rsatishdir. Xususan, Strategiya orqali “Xalq nazorati” portalini barcha hududlarda 100 foiz joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari kompozit va proaktiv davlat xizmatlari sonini 40 tadan 400 taga, ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari umumiy sonini 300 tadan 500 taga yetkazish nazarda tutilgan. Hokim va ularning o‘rinbosarlari tomonidan qabul qilinadigan barcha hujjatlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali 100 foiz rasmiylashtirish belgilanmoqda. Bu choralar aholi va tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat, yangilangan strategiyada Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, kamida 3 ta davlat bilan ID-karta asosida fuqarolarning chegaralarni erkin kesib o‘tishi bo‘yicha kelishuvlarga erishish maqsad qilingan. Bu orqali fuqarolarning pasport va vizalar bilan bog‘liq to‘siqlari kamayadi.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 15 milliard dollarga yetkazish esa, mintaqada iqtisodiy integratsiyani kuchaytirib, savdo, logistika va hamkorlik aloqalari rivojlanishiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga kiritilayotgan ushbu o‘zgartirishlar mamlakat rivojlanishini real holat, global tendensiyalar va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda yangilashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Aniq maqsadlar, o‘lchash mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlar va kuchaytirilgan mas’uliyatga asoslangan ushbu yondashuv islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Muharram DADAXO‘JAEVA,

Yunusobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri,

“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi.

O‘zA