Munosabat
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar izchil amalga oshirildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ana shu islohotlarni tizimli davom ettirish, mamlakatni o‘rta muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishda muhim dasturilamal hujjat bo‘lib kelmoqda. Xususan, Strategiya doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy adolat, inson qadri, zamonaviy davlat boshqaruvi va xavfsizlikni ta’minlash asosiy maqsadlar sifatida belgilangan.

Strategiya doirasida amalga oshirilgan islohotlar qisqa vaqt ichida sezilarli natijalar berdi. Kambag‘allik darajasi 11 foizdan 5,8 foizga pasaydi. O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 147 milliard dollarga yetib, yillik o‘sish kutilganidek 7 foiz emas, balki 7,7 foizga oshib aholi jon boshiga YAIM – 3845 dollarni tashkil etdi.
Shuningdek, eksport hajmi 24,9 milliard dollardan 33,5 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar 17,1 milliard dollardan 43,1 milliard dollarga ko‘paydi. Ishsizlik darajasi 6,8 foizdan 4,9 foizga tushdi. Natijada O‘zbekiston Global innovatsion indeksida o‘z o‘rnini yaxshilab, mamlakat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni 144 tadan 164 taga yetdi.
Bu ko‘rsatkichlar strategiyaning to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini tasdiqlaydi. Biroq raqamlar bilan birga, sifat, samaradorlik va barqarorlik masalalari ham kun tartibiga chiqmoqda. Qolaversa, bugun jahonda kechayotgan global iqtisodiy, texnologik va geosiyosiy o‘zgarishlar har bir davlatdan o‘z rivojlanish strategiyalarini qayta ko‘rib chiqishni, maqsad va ustuvor yo‘nalishlarni zamon talablariga mos ravishda yangilashni taqozo etmoqda.
O‘zbekiston uchun ham “yashil” va raqamli iqtisodiyotga o‘tish, raqobatning kuchayishi, aholi ehtiyojlarining kengayishi hamda amalga oshirilgan islohotlar natijasida muayyan maqsadlarga erishilgani strategik rejalashtirishda aniqlik va samaradorlikni yanada oshirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Shu nuqtai nazardan, takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichiga mos, real imkoniyatlarga tayanadigan va natijaga yo‘naltirilgan muhim dasturilamal sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Yangilanayotgan Strategiyada iqtisodiy o‘sish sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmini amaldagi strategiyada belgilangan 160 milliard dollardan 240 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgani mamlakat iqtisodiyotining salohiyati sezilarli darajada oshishini anglatadi.
Shu bilan birga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni ham amaldagi 4 000 dollardan 5 800 dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgani islohotlar markazida inson manfaatlari turganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu ko‘rsatkich nafaqat iqtisodiy o‘sishni, balki aholi turmush sifati, iste’mol imkoniyatlari va ijtimoiy barqarorlikni ham oshirishga xizmat qiladi.
Strategiya loyihasida aholini ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, xorijiy davlatlar bilan ishga joylashtirish bo‘yicha hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar sonini 30 tadan 40 taga yetkazish, ishsizlik darajasini 7 foizdan 4 foizga tushirish hamda sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 milliard dollardan 60 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu choralar yaqin vaqt ichida iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqlarni rivojlantirish, zamonaviy ish o‘rinlari tashkil etish va mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkonini beradi.
Sir emaski, bugun global iqlim o‘zgarishi sharoitida ekologik barqarorlik masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, strategiyada qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizdan 54 foizga oshirish maqsadi belgilangani O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga qat’iy qadam qo‘yayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan korxonalar tomonidan ekiladigan ko‘chatlar soni 30 milliondan 50 million tupga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, yerlarni eroziyadan va qum ko‘chishidan saqlash maqsadida ihota daraxtzorlarini barpo etish hajmi ham amaldagi 26 200 gektardan 30 055 gektarga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu chora-tadbirlar nafaqat ekologik muvozanatni saqlash, balki aholi salomatligi va hayot sifati uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish masalalari ham ustuvor o‘rin egallamoqda. Jumladan, mahalliy vakillik organlari faoliyatini 100 foiz raqamlashtirish, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan 5 ta qonunchilik hujjatini takomillashtirish va “Xalq nazorati” portalini barcha hududlarda 100 foiz joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Bu o‘zgarishlar fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, joylardagi muammolarni tezkor aniqlash va hal etish imkonini beradi.
Umuman olganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida nazarda tutilgan o‘zgarishlar mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladigan, real maqsadlarga asoslangan va jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Iqtisodiy o‘sish, aholi farovonligi, bandlik, ekologik barqarorlik va davlat boshqaruvini raqamlashtirishga qaratilgan ushbu maqsadlar amalga oshirilsa, O‘zbekiston 2030 yilga borib raqobatbardosh, ijtimoiy adolatli va barqaror rivojlanayotgan davlatlar qatorida mustahkam o‘rin egallashi shubhasiz.
Nilufarxon SAID-GAZIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Devon rahbari, yu.f.d.
O‘zA