English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va 2024 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi muhokama qilindi
11:22 / 2024-07-13

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va 2024 yil Davlat dasturi mazmun-mohiyati, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi vazifalar yuzasidan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturidagi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan qator vazifalar ahamiyati va ularning ijrosi yuzasidan ma’lumot berdi.   

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi, senator Manzura Salimova Davlat dasturidagi yosh avlodning barkamol o‘sishi, ta’lim-tarbiya olishi, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga qaratilgan qator chora-tadbirlarning aholi farovonligi, jamiyatimiz rivoji, yurtimiz taraqqiyoti uchun ahamiyati haqida so‘zladi.   

Senator Gulnora Ma’rufova esa xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha muammolarni hal etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib, oliy ta’lim va ilm-fanda ayollarning ulushini oshirishga oid ishlarni e’tirof etdi.   

2024 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga jami 43 ta vazifa yuklatilgan bo‘lib, ular ichida eng muhimi ta’lim sifatini oshirish masalasi ekani, bugungi kunda ta’limdagi sifatni qabul jarayonidan boshlab ta’minlashga harakat qilinayotgani e’tiborlidir.   

Prezidentimiz tomonidan bu yildan boshlab qabulning mutlaqo yangi tizimi joriy etilgani yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratadi. “Avval test, keyin tanlov” tamoyilining zamirida ham aynan iqtidorli yoshlarning ta’lim olishini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Qabul imtihonlaridan teng ball olgan yoshlarga teng imkoniyat yaratishga qaratilgan bu yilgi o‘zgarishlar, yaqin yillardayoq o‘z samarasini namoyon etadi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari hamda texnikum va kollejlarga imtihonlarning bir platformada o‘tkazilayotgani ham muhim islohotlardan biri. Bunda texnikumlarning o‘quv dasturlari oliy ta’lim muassasalari bilan moslashtirildi. Bu esa yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshishiga va o‘qitish sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.   

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidagi yana bir o‘zgarish – davlat granti asosida o‘qishga  kirgan talabalarning imtiyozi o‘zlashtirish natijalariga qarab bir yil ichida qayta ko‘rib chiqilishi yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat paydo bo‘lishiga, o‘quv jarayonida jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga poydevor bo‘ladi.   

Joriy yildan oliy ta’lim yo‘nalishlari 40 foizga, mutaxassisliklar 15 foizga maqbullashtirildi. Bu oliy ta’limni bitirib chiqqan mutaxassis-kadrlarning ishga joylashishida yuzaga kelayotgan turli byurokratik to‘siqlarni olib tashlash bilan bir qatorda ularning kengroq bilim olishi uchun zamin yaratadi.   

Hozirda ko‘plab oliygohlarda dunyoning TOP-300 ta eng nufuzli universitetlarining o‘quv dasturlarini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2024 yilda O‘zbekistondagi ikkita oliygohning dunyoning TOP-1000 universitetlari qatoridan o‘rin olgani e’tiborlidir.  

Hozirda  “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari” milliy tadqiqot universiteti QS - xalqaro reytingida  547-o‘rin, O‘zbekiston milliy universiteti 781-o‘rinni egallamoqda.   

Universitetlarning jahon hamjamiyati bilan uyg‘unlashuvi, ularning mavqei va o‘qitish darajasini baholovchi mezon bu o‘quv dasturlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganidir. Hozirda 6 ta oliygohda 38 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi va bu bordagi ishlar jadal davom ettirilyapti.   

O‘quv jarayonida  professor-o‘qituvchilarimizning bilim va salohiyati muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kunda «Scopus» va «Wyeb of Science» jurnallarida muntazam ravishda maqolalar chop etadigan, «Xirsh» indeksi (h-indeks) 5 va undan yuqori bo‘lgan professor-o‘qituvchilar soni 417 nafarga yetdi. 1 ming 927 nafar tadqiqotchi ilmiy darajaga ega bo‘ldi. Shundan, 1 ming 627 nafari PhD, 256 nafari DSc doktorlik dasturiga ega tadqiqotchilardir. Shu bilan birga, 1 ming 650 nafar professor-o‘qituvchi ilmiy unvon oldi. Oliygohlarda ilmiy salohiyat 41 foizdan 44 foizga o‘sdi.  

Mana shu ko‘rsatkichlarning barchasi ishlab chiqarish, iqtisodiyotimiz tarmoqlariga malakali kadrlarni yetkazish bilan bir qatorda, yurtimiz kelajagi uchun xizmat qiluvchi tadqiqotchi-olimlar yetishib chiqishiga ham xizmat qilmoqda.   

N.Usmonova, O‘zA