O‘zbekistonda transport sohasini jadal rivojlantirish masalasi davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Mazkur sohadagi asosiy maqsad va vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aniq ifoda etilgan. Ularni izchil amalga oshirish iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash, logistika jarayonlarining samaradorligini oshirish, shuningdek, aholi uchun qulay, sifatli va xavfsiz transport xizmatlari qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, qayd etish joizki, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” davlat dasturi doirasida transport sohasida bir qator muhim chora-tadbirlar hamda loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, jamoat transportini modernizatsiya qilish, transport tizimini raqamlashtirish, soha xizmatlarini rivojlantirish va infratuzilmani takomillashtirishga qaratilgan ishlar yanada jadallashtirildi.
Xususan, hududlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini yanada takomillashtirish maqsadida 2025-yilda jami 202 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishi tashkil etildi. Bu orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lashda elektron to‘lovlar ulushi o‘rtacha 42,7 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, mazkur yilda jamoat transporti ehtiyojlari uchun 984 dona avtobus xarid qilinib, 939 ta oraliq bekat qurildi hamda rekonstruksiya qilindi, 21 ta avtovokzal va avtostansiyada esa qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu chora-tadbirlar transport xizmatlari qamrovini kengaytirish, yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish hamda shahar va tumanlarda harakatlanish qulayligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Logistika salohiyatini yanada mustahkamlash nuqtai nazaridan, 2025-yilda respublika hududi orqali tranzit yuk tashish hajmi 14,7 million tonnaga yetkazildi (temir yo‘l – 12,1 million tonna, havo transporti – 9,3 ming tonna, avtomobil transporti – 2,7 million tonna). Shu bilan birga, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari umumiy hajmi 185,0 trillion so‘mni tashkil etdi (temir yo‘l – 15,2 trillion so‘m, havo transporti – 29,4 trillion so‘m, avtomobil transporti – 93,2 trillion so‘m, quvur transporti – 21,1 trillion so‘m, boshqa yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari – 26,1 trillion so‘m).
Mazkur o‘sish aholi uchun transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari va qulayligini kengaytirish bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlari uchun tashish xarajatlarini maqbullashtirish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish hamda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yaxshilashga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, havo transporti sohasida ham barqaror va faol o‘sish dinamikasi qayd etilmoqda. Jumladan, 2025-yilda 130,6 mingta aviaqatnov amalga oshirilib, aviaqatnovlar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oshdi. O‘z navbatida, bu ko‘rsatkichning o‘sishi turistlar oqimini ko‘paytirish, hududlarning transport jihatdan ochiqligi va aloqadorligini kuchaytirish, shuningdek, ishbilarmonlik safarlari faolligini oshirish orqali iqtisodiy faollikni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
Yuqorida qayd etilgan natijalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar bilan hamohang. Strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri, bu – O‘zbekistoning global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimining salohiyatini oshirishdir.
Bu – respublika hududi orqali tranzit yuklarini tashish hajmini 16 million tonnaga yetkazish, shimoliy yo‘nalishda temir yo‘l orqali yuk tashish muddatlarini 40 foizga qisqartirish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari hajmini 3 barobar oshirish, elektrlashgan temir yo‘llar ulushini 65 foizga yetkazish, aviaqatnovlar sonini 4 barobarga oshirish, 56 ming kilometr yo‘llarni qurish va ta’mirlash kabi vazifalarni qamrab olgan.
O‘z navbatida ushbu strategik maqsad va vazifalarga erishish uchun avvalo infratuzilma va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan loyihalarga davlat-xususiy sherikligi (DXSH) mexanizmlarini keng jalb etish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va boshqaruv samaradorligini kuchaytirish zarur.
Shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida “yashil energetika” yondashuvini transport tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish, xususan, elektrobuslar va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, sohaning uzoq muddatli raqobatbardoshligini ta’minlash uchun kadrlar salohiyati, malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini zamonaviy standartlar asosida takomillashtirish, shuningdek, innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy eta oladigan mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish lozim.
Xulosa qilib aytganda, islohotlarning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da izchil davom ettirilishi mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi, hududlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik mustahkamlanishi va aholi farovonligi yanada yuksalishiga olib keladi.
Ramzidin NURIDINOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bosh mutaxassisi.
O‘zA