Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi: tibbiyotni raqamlashtirish – sog‘lom hayot garovi
11:28 / 2023-10-09

Mamlakatimizni rivojlantirishning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida tibbiyot muassasalarini raqamlashtirishni 100 foizga yetkazish g‘oyasi ilgari surilganida chuqur ma’no bor. Zero, dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi paytda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish sog‘liqni saqlash tizimini yuksaltirishning asosiy omillaridan biriga aylandi. Ayni paytda jahonning ko‘plab davlatlarida tibbiyotni raqamlashtirish ommaviylashib borayotgani bunga yaqqol dalildir.

Sohada raqamli texnologiyalarni qo‘llash aholining vaqtini, moddiy resurslarini tejayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Bu qulaylik uydan turib shifokorni, klinikani tanlash imkoniyatini yaratmoqda. Tibbiy xizmatlardan teng va oson foydalanishga qulay muhit yaratayotir. Masalan, tibbiyot sohasi to‘liq raqamlashtirilsa, yurtdoshlarimiz onlayn telediagnostikadan samarali foydalanadi. Bu ularga uyidan chiqmasdan turib eng ilg‘or mahalliy va xorijiy ekspertlar maslahatini olish imkonini beradi. Pirovardida bemorning vaqti va mablag‘i tejaladi. Uzoq yoki yaqin yo‘l bosib, diagnostika markazlariga borishga chek qo‘yiladi. 

Aslida so‘nggi yillarda mamlakatimiz tibbiyot sohasi beqiyos o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Bu jarayonda aynan raqamlashtirish, ya’ni teletibbiyotni joriy etishda qator yangiliklarga qo‘l urildi. Jumladan, Surxondaryoda ham tibbiyot muassasalari xorijning eng ilg‘or, zamonaviy asbob-uskunalari bilan jihozlanayotgani bemorlarning o‘z dardiga shifo topishi uchun qulay muhit, keng imkoniyat yaratayotir. Janubdagi vohada endilikda yurak jarrohlik operatsiyalari tig‘siz o‘tkazilayotgani, buyrak transplantatsiyasi, viloyat markazidagi poliklinikalarda onlayn qabul amaliyoti joriy etilgani bunga misol bo‘la oladi. Bemorlar va soha xodimlari uchun birdek qulaylik yaratayotgan bunday yangilanishlar tuman tibbiyot birlashmalariga ham ko‘chgani ko‘zga tashlanmoqda. Misol uchun, Jarqo‘rg‘on tumanida yurak, qon-tomir kasalliklarini samarali davolashda tuman tibbiyot birlashmasi va viloyat kardiologiya markazi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yaxshi natijalar bermoqda. Bugun shu turdagi kasallik bilan shifoxonaga kelgan bemorlarning EKG nusxalari to‘g‘ridan to‘g‘ri viloyat kardiologiya markaziga yuborilmoqda. Bu yerda tajribali shifokorlar uni zudlik bilan tahlil qilib, tegishli tavsiyalarni bermoqda. Oqibatda og‘ir ahvoldagi bemorlarga o‘z vaqtida tez, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilib, shu kasallik bilan bog‘liq o‘lim holatlari kamaytirilishiga erishilmoqda. 

Strategiyada aholining o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 73 yoshdan 78 yoshga yetkazilishi maqsad qilib olingani ham yurtimizda inson qadrini e’zozlash davlatimiz belgilab olgan vazifalarning muhim yo‘nalishiga aylanganini keng namoyon etdi. Albatta, buning uchun eng avvalo sog‘lom turmush tarzini ta’minlash masalasi ko‘ndalang turadi. Bu ishni samarali ro‘yobga chiqarish uchun strategiyada tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmi 2 barobarga oshiriladigan bo‘ldi. Onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobarga kamaytirish, sil kasalligi bilan kasallanish darajasini 100 ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish choralari ko‘riladi. 

Me’yoridan ortiq tuz iste’mol qiladigan aholi ulushini 32 foizga, yetarlicha jismoniy faollikka ega bo‘lmagan aholini 22 foizga, ortiqcha vaznga va semizlikka ega katta yoshdagi aholini tegishincha 32 foiz va 23 foizgacha kamaytirishga erishiladi. 5 yoshgacha bolalar orasida bo‘y o‘sishi kechikishi, vazn og‘irligi yetishmasligi va ortiqcha vazni mavjudlar ulushini o‘rtacha 2 barobarga kamaytirishga bel bog‘landi.

Yangi O‘zbekistoning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar sog‘liqni saqlash sohasini tamomila yangi bosqichda yuksaltirib, tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtiradi. Xalqimiz salomatligini mustahkamlab, jismonan sog‘lom yosh avlodni kamolga yetkazishga xizmat qiladi. 

Gulbahor Tangirova, 
Jarqo‘rg‘on tumani ko‘p tarmoqli 
poliklinikasi vrach-stomatologi, Xalq deputatlari 
Surxondaryo viloyati Kengashi deputati.

O‘zA